Ukrainada raketa hujumi qurbonlari 20 nafarga yetdi

Olam

image

Kecha, 10 oktyabr kuni Rossiyaning raketa hujumlari oqibatida 20 kishi halok bo‘ldi, 108 kishi jarohat oldi. Bu haqda Ukraina Favqulodda vaziyatlar davlat xizmati matbuot kotibi Aleksandr Xorunjiy ma’lum qildi. 

“Ushbu raketa zarbalari paytida soat 12:00 holatiga ko‘ra bizda halok bo‘lganlar haqida ma’lumotlar bor – 20 kishi, jarohatlanganlar – 108 nafar”, deydi u jurnalistlarga.

Xorunjiy, shuningdek, raketa zarbalari oqibatida jami 205 ta ob’ekt, jumladan, 45 ta uy zarar ko‘rganini ta’kidladi. 

Davlat Favqulodda vaziyatlar xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, bir kun avval 13 viloyat va Kiyevdagi muhim infratuzilma ob’ektlarida 51 ta yong‘in sodir bo‘lgan. Ularning barchasi allaqachon o‘chirilgan, energetiklar elektr ta’minotini tiklash ustida ishlamoqda.

Eslatib o‘tamiz, Rossiya 10 oktyabr kuni Kiyev, Dnepr va Ukrainaning boshqa bir qator shaharlarini kuchli raketa zarbalariga duchor qildi. Ukraina butun mamlakat bo‘ylab havo ogohlantirishini e’lon qildi. Kiyevda, shuningdek, Ukrainaning boshqa hududlarida, jumladan Dnepr viloyati, Odessa va Xarkovda ertalab bir qator portlashlar sodir bo‘ldi. 

Portlash oqibatida oltita avtomobil vayron bo‘lgan, yana 15 tasi zarar ko‘rgan. Mahalliy Telegram kanallari xabariga ko‘ra, portlashlar Ukraina xavfsizlik xizmati ma’muriyati binosi hududida, shuningdek, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning Volodimirska ko‘chasidagi kabinetlaridan birida sodir bo‘lgan. Kiyev metrosida qizil chiziqda poyezdlar harakati to‘xtatildi, barcha yerosti stansiyalari boshpana sifatida ishlaydi. 

Hujum ortidan AQSH Jo Bayden Ukrainaga havo hujumidan mudofaa tizimlari yetkazib berilishiga va’da berdi.

Shuningdek, Germaniya Ukrainaga bir necha kun ichida avval va’da qilingan to‘rtta zamonaviy o‘rta masofaga mo‘ljallangan IRIS-T SLM Infra Red Imaging System Tail havo mudofaa tizimidan birinchisini yetkazib beradi. 

Bugun, 11 oktyabr kuni ertalab Ukrainaning Vinnitsa viloyatidagi Ladijin issiqlik elektr stansiyasiga ikkita “Shahed-136” kamikadze dronlari bilan hujum qilindi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin Kievga hujum

Baholaganlar

42

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing