Ukraina YeIga a’zolik uchun ariza topshirdi

Olam

image

Ukraina Yevropa Ittifoqiga kirish uchun rasman ariza topshirdi va muvaffaqiyatli ro‘yxatdan o‘tkazdi. Ukrainaning Yevropa Ittifoqidagi vakili Vsevolod Chensov arizani ko‘rib chiqish boshlanganini ma’lum qildi.

“Ariza ro‘yxatdan o‘tkazildi. Ko‘rib chiqish jarayoni boshlandi”, degan Chensov.

Hujjat Yevropa Kengashi, Yevropa parlamenti hamda YeIda raislik qiluvchi Fransiya Prezidenti Emmanuel Makronga yuborilgan.

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy imzolagan arizada shunday deyilgan:

“Ukraina, Yevropa Ittifoqi shartnomasining 2-qismida keltirilgan qadriyatlarni hurmat qiladigan Yevropa davlati sifatida, Yevropa Ittifoqiga a’zolik uchun ariza berish sharafiga ega”.

Ariza topshirilishi bilan Yevropa Ittifoqining sakkizta davlati, jumladan Bolgariya, Chexiya, Estoniya, Latviya, Litva, Polsha, Slovakiya va Sloveniya Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga tezroq qo‘shilishini qo‘llab-quvvatladi.

Rossiyaning Ukrainaga bosqini

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Buning ortidan Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirdi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi.

Rus qo‘shinlari dastlab Kiyev va Xarkovga raketa hujumi uyushtirdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi. Shuningdek, rasmiy idora rus qo‘shinlari Xarkov va Odessa viloyatiga kirib borganini bildirdi.

Hujum boshlanganidan ko‘p o‘tmay, LXR Ichki ishlar vaziri maslahatchisi Vitaliy Kiselev Schaste va Stanitsa shaharchalari LXR nazoratiga o‘tganini e’lon qildi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

44

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing