Ukraina YeIga a’zo bo‘ladi – Ursula fon der Lyayen
Olam
−
28 fevral 2022
11631Ukraina Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishi kerak. Bu haqda Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen “Euronews” telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
Muxbirning Yevropa bo‘ylab o‘n minglab odamlar ko‘chalarga chiqib, Ukrainani Yevropa Ittifoqiga qabul qilinishini talab qilib, uni qo‘llab-quvvatlashini bildirganiga YeI qanday munosabat bildirayotgani haqidagi savoliga fon der Lyayen shunday dedi:
“Ukraina bizning to‘liq birdamligimizni istaydi va u buni ko‘radi. Ukraina allaqachon ba’zi jarayonlarga kiritilgan, masalan, Ukraina bozorining yagona bozorga integratsiyalashuvi. Boshqa sohalarda, masalan, energetikada ham yaqin hamkorlik qilamiz. Vaqt o‘tishi bilan Ukraina bizga qo‘shiladi. Bu mamlakat bizning oilamizning bir qismi, bizdan biri va biz uni Yevropa Ittifoqida ko‘rishni xohlaymiz”.
Vladimir Zelenskiy bugun ham fon der Lyayen bilan suhbat chog‘ida Kiyevning Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish istiqbollarini muhokama qilgan.
Avvalroq Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat va xavfsizlik bo‘yicha vakili Xosep Borrel Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar Rossiya agressiyasiga qarshi kurashish uchun Ukrainaga jangovar samolyotlar berishini ma’lum qilgandi.
Rossiyaning Ukrainaga bosqini
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Buning ortidan Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirdi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi.
Rus qo‘shinlari dastlab Kiyev va Xarkovga raketa hujumi uyushtirdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi. Shuningdek, rasmiy idora rus qo‘shinlari Xarkov va Odessa viloyatiga kirib borganini bildirdi.
Hujum boshlanganidan ko‘p o‘tmay, LXR Ichki ishlar vaziri maslahatchisi Vitaliy Kiselev Schaste va Stanitsa shaharchalari LXR nazoratiga o‘tganini e’lon qildi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
LiveBarchasi