Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi hududda harbiy vaziyat keskinlashmoqda

Olam

image

Donbassning harbiy tutashuv chizig‘idagi vaziyat o‘ta notinch va salbiy tomonga o‘zgarib bormoqda. Bu haqda o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan Donetsk Xalq Respublikasi rahbari Denis Pushilin matbuot anjumanida aytib o‘tdi.

“Afsuski, harbiy tutashuv chizig‘idagi notinchlik hamon saqlanib qolmoqda va vaziyat salbiy tomonga o‘zgarib boryapti. Hujumlar soni ham ko‘paygan”, deydi Pushilin.

Uning ta’kidlashicha, yevropalik yoki amerikalik yuqori martabali biror mehmon Donbassga kelganida, eskalatsiyaning yangi bosqichi boshlanadi va “Ukraina Qurolli Kuchlari namoyish ko‘rsatadi”.

Eslatib o‘tamiz, Ukraina Tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba Kiyev Donbassda urush bo‘lishini istamasligini, biroq Ukraina armiyasiga hujum qilish xavfi bo‘lgan taqdirda Ukraina Donbassda o‘q uzishini aytgandi.

Hududdagi vaziyatning keskinlashuvi fonida bir qator davlatlar, xususan Fransiya va Germaniya xavotirga tushgan bo‘lsa, AQSH Prezidenti Jo Bayden Ukrainaning suvereniteti va hududiy yaxlitligini doimiy ravishda qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qilgan.

Siyosiy ekspertlar esa Donbassdagi vaziyatning keskinlashuvini Ukrainaning so‘nggi paytlardagi NATOga qo‘shilish tomon faol harakatlari bilan bog‘lamoqda.

Ma’lumot o‘rnida, Donbass mintaqasi Ukrainaning Donetsk va Lugansk hamda Rossiyaning Rostov viloyatlarini o‘z ichiga oladi.  

Ushbu hududda 2014 yildan beri harbiy harakatlar davom etmoqda. Konflikt bir tomondan Ukraina Qurolli kuchlari, ikkinchi tomonda ikki alohida o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan Donetsk va Lugansk Xalq Respublikalari o‘rtasida bormoqda. Ushbu ikki davlat Ukrainadagi 2014 yilgi siyosiy inqiroz vaqtida vujudga kelgan.  Donetsk va Lugansk Xalq Respublikalarining ikkisi ham na Ukraina va na jahon hamjamiyati tomonidan tan olingan.


Maqola muallifi

Teglar

Donbass

Baholaganlar

357

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing