Jenevadagi Rossiya-Ukraina muzokaralari natijasiz yakunlandi
Olam
−
19:01 1110 2 daqiqa
Bugun, 18 fevral kuni Rossiya, Ukraina va AQSH vakillari Jenevada Ukrainadagi urushni to‘xtatish masalasidagi muzokaralarning navbatdagi kuni o‘tkazildi. Bu haqda BBS xabar berdi.
Uchrashuvlar kecha, 17 fevral kuni kechqurun boshlangan. Bugun esa ikki soat davom etgan. Biroq muzokaralarda aniq kelishuvga erishilmagan. AQSH Prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoff muzokaralarga ijobiy baho bergan bo‘lsada, Rossiya va Ukraina tomonlari jarayon “qiyin” kechganini bildirgan. Rossiya delegatsiyasi rahbari Vladimir Medinskiy muzokaralarni biznes uchrashuvga o‘xshatgan va yaqin orada yana bir muzokara o‘tkazilishi mumkinligini aytgan. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy esa tomonlar pozitsiyasidagi katta farqlar sababli muzokaralar oson bo‘lmaganini ta’kidlagan.
Ukraina vakili Rustam Umarov muzokaralar mazmunli va qizg‘in o‘tganini, ayrim masalalarda siljish borligini, ammo hozircha tafsilotlarni oshkor qilib bo‘lmasligini ma’lum qilgan.
Tomonlar o‘rtasidagi eng katta tortishuv hududiy masalalar bilan bog‘liq. Rossiya Donetsk va Lugansk viloyatlaridan iborat Donbass hududini to‘liq nazorat qilishni talab qilmoqda. Ukraina esa bu hududlarni berishga rozi emas. Zelenskiy Donbassni topshirish bo‘yicha har qanday qaror referendumga qo‘yilsa, ukrainaliklar uni rad etishini ta’kidlagan.
Yana bir muhim masala — Zaporoje atom elektr stansiyasi taqdiri. Yevropadagi eng yirik AES 2022 yil martidan beri Rossiya nazoratida. Ukraina stansiyani qaytarishni talab qilmoqda. Zelenskiy ilgari stansiya boshqaruvida AQSH bilan hamkorlik qilish mumkinligini bildirgan, biroq Rossiya bunga rozilik bergani yo‘q.
AQSH Prezidenti Donald Tramp muzokaralar cho‘zilayotganidan norozi ekanini bildirib, Ukraina tezroq kelishuvga erishishi kerakligini aytmoqda. Zelenskiy esa adolatsiz murosaga rozi bo‘lmasligini ta’kidlab keladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukrainada prezidentlik saylovlari va Rossiya bilan ehtimoliy tinchlik shartnomasi bo‘yicha referendum o‘tkazish masalasi muhokamasi boshlangani haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi