Urush dahshati: Ukrainada tinch aholi o‘rtasida qancha qurbonlar borligi ochiqlandi
Olam
−
28 fevral 2022
16356Ukrainada 24 fevral kuni boshlangan jangovar harakatlardan beri kamida 102 tinch aholi halok bo‘ldi, 304 nafari yaralandi. Bu haqda BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Mishel Bachelet Jenevada bo‘lib o‘tgan BMT Inson huquqlari kengashining 49-sessiyasida ma’lum qildi.
"24 fevral kuni ertalabdan kechgacha bizning idoramiz tinch aholi orasidan jarohatlangan va qurbon bo‘lgan 406 kishini qayd etdi. Ulardan 102 nafari qurbonlar", deydi Bachelet.
Uning so‘zlariga ko‘ra, qurbonlarning aksariyati og‘ir qurollardan foydalanish natijasida halok bo‘lgan. Qurbonlarning haqiqiy soni esa rasmiy raqamlardan ko‘p bo‘lishi mumkin.
Bachelet Ukrainada millionlab tinch aholi, jumladan qariyalar tahdiddan qochish uchun metro va boshpanalarda to‘planishga majbur bo‘layotganini urg‘ulagan.
Unga ko‘ra, harbiy harakatlar boshlanganidan beri 422 ming tinch aholi Ukrainani tark etib, qo‘shni davlatlardan boshpana topgan.
Rossiyaning Ukrainaga bosqini
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Buning ortidan Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirdi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi.
Rus qo‘shinlari dastlab Kiyev va Xarkovga raketa hujumi uyushtirdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi. Shuningdek, rasmiy idora rus qo‘shinlari Xarkov va Odessa viloyatiga kirib borganini bildirdi.
Hujum boshlanganidan ko‘p o‘tmay, LXR Ichki ishlar vaziri maslahatchisi Vitaliy Kiselev Schaste va Stanitsa shaharchalari LXR nazoratiga o‘tganini e’lon qildi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
LiveBarchasi