Ukraina Rossiya ustidan g‘alaba qildi – Blinken
Olam
−
05 mart 2022
31829Ukraina Rossiyaga qarshi urushda g‘alaba qozonishi mumkin. Biroq bu qachon sodir bo‘lishi mumkinligi haqida taxminiy vaqtni aytish qiyin. Bu haqda AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken BBC’ga bergan intervyusida gapirgan.
AQSH Davlat kotibi Ukraina xalqining qarshiligini olqishladi.
“Agar Rossiyaning maqsadi hukumatni ag‘darib, o‘zining qo‘g‘irchoq rejimini o‘rnatish bo‘lsa, 45 million ukrainalik u yoki bu yo‘l bilan qarshilik qiladi”, deydi Blinken.
Davlat kotibi urush rossiyaliklar rejalashtirganidek o‘tmaganini ta’kidlab, xalqaro hamjamiyatning Ukrainani qo‘llab-quvvatlash va Rossiya tomonidan boshlangan harbiy mojaroga barham berish uchun bosim o‘tkazishga munosabatiga e’tibor qaratdi.
Blinkenning ta’kidlashicha, Rossiya kuchlari tinch aholiga nisbatan “shafqatsiz usullar”ni tobora ko‘proq qo‘llamoqda.
“Biz Rossiya Ukrainaning elektr uzatish inshootlarini nishonga olayotganini ko‘ryapmiz. Bu usullarni hali yana ko‘p ko‘rishimiz mumkin”, deydi u.
Rossiyaning Ukrainaga bosqini
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.