Blinken kutilmaganda Iroqqa bordi

Olam

image

AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken bugun, 13 dekabr kuni oldindan e’lon qilinmagan tashrif bilan Iroqqa bordi. U Bag‘dodda mamlakat Bosh vaziri Muhammad Al-Sudaniy bilan uchrashgan. Bu haqda Al-Sudaniy o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, tomonlar suhbat chog‘ida davlatlar o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar, qo‘shma hamkorlikni rivojlantirish yo‘llari, shuningdek, mintaqadagi vaziyat, Suriya voqealaridagi o‘zgarishlar, xavfsizlikni mustahkamlash uchun zarur bo‘lgan mintaqaviy va xalqaro sa’y-harakatlar hamda butun mintaqani barqarorlashtirish masalasini muhokama qilgan.

Bildirilishicha, Al-Sudaniy Iroq Suriyadagi o‘tish bosqichini boshqarish uchun mas’ullardan so‘z emas, harakat kutayotganini ta’kidlagan. Shuningdek, u Suriya hududiga hech bir tomondan hujumga yo‘l qo‘ymaslik zarurligini aytib, bu mintaqadagi xavfsizlik va barqarorlikka tahdid ekanini qayd etgan.

O‘z navbatida, Blinken AQSHning Iroq tomoni bilan Suriya xalqining tanloviga hurmat ko‘rsatish va Suriya xalqining xohish-irodasi va turli tomonlarni aks ettiruvchi keng qamrovli hukumatni shakllantirish zarurligi to‘g‘risida kelishuvga erishganini bildirgan.

“Yig‘ilishda G‘azodagi voqealar, urushni to‘xtatish uchun harakatlar davom etishining ahamiyati va Livandagi o‘t ochishni to‘xtatish rejimini barqarorlashtirish uchun barcha sa’y-harakatlarni amalga oshirishga urg‘u berildi”, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Anqarada Turkiya Tashqi ishlar vaziri Xoqon Fidan va AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken uchrashib, Suriyada Bashar Asad rejimi ag‘darilgandan keyingi o‘tish davri, mamlakatdagi siyosiy jarayon va G‘azoda mumkin bo‘lgan o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi bo‘yicha masalalarni muhokama qilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Iroq Entoni Blinken Muhammad Al-Sudaniy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing