Ukraina qishda himoyalanish uchun AQSHdan avval berilmagan qurollarni so‘rayapti – “Politico”
Olam
−
07 Oktabr 2022
5666Rossiyaning muhim infratuzilmaga zarbalari kuchayishi tahdidi tufayli Kiyev Qo‘shma Shtatlardan qo‘shimcha havo mudofaa tizimlarini talab qildi. Bu haqda “Politico” yozmoqda.
Zelenskiyning fikricha, jang maydonidagi harbiy mag‘lubiyatlar Putinni qishda tinch aholi manzillariga zarba berishni kuchaytirishga undaydi.
“Ukraina Rossiyaning aksariyat hujumlarining oldini olishga muvaffaq bo‘ldi, biroq biz kelgusi haftalarda Rossiyaning Ukrainaning muhim infratuzilmasiga raketa zarbalarini ko‘paytirishini kutishimiz mumkin”, deydi NATO sobiq rahbari Anders Fog Rasmussen bayonotida.
Rasmussenning ta’kidlashicha, Ukrainaga nisbatan tez va ko‘p miqdorda olib kelinishi mumkin bo‘lgan narsalardan biri Germaniyada ishlab chiqarilgan “Leopard” tanklaridir, ammo Berlin boshqa yirik davlatlar tomonidan o‘rniga o‘rin og‘ir qurol-aslahalar berilmagani sababli ularni yetkazib berishdan haligacha bosh tortmoqda.
Jurnalistlarning qayd etishicha, noyabrgacha Ukraina dronlar, raketalar va vertolyotlarni urib tushira oladigan ikkita Raytheon havo mudofaa tizimini olishi kerak. Bundan tashqari, Kiyev NASAMS yuborilishini kutmoqda. Ammo Ukraina rasmiylari bu yetarli bo‘lmaydi, deb qo‘rqishyapti.
Avvalroq AQSH Ukrainaga navbatdagi harbiy yordam paketi doirasida umumiy qiymati 625 mln dollar bo‘lgan HIMARS, artilleriya tizimlari, o‘q-dorilar va zirhli transport vositalari yetkazib berishi haqida xabar bergan edik.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi.
LiveBarchasi