Ukraina – bu falokat
Olam
−
30 mart 2022
14858Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish o‘zining o‘rinbosari Martin Griffitsga Ukrainada gumanitar maqsadlarda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha mumkin bo‘lgan kelishuvlarni tomonlar bilan zudlik bilan muhokama qilishni topshirdi. Bu haqda tashkilot matbuot xizmati xabar berdi.
“Griffits tashabbusni olqishlagan har ikki tomon bilan allaqachon aloqaga chiqqan va u 24 soat ichida mintaqaga uchib ketishga tayyor”, deydi Bosh kotibning gumanitar masalalar bo‘yicha yordamchisi va favqulodda yordam koordinatori o‘rinbosari Joys Msuya BMT xavfsizlik kengashi a’zolariga.
Uning ta’kidlashicha, tinch aholi oziq-ovqatsiz qolmoqda, suv va elektr energiyasidan mahrum bo‘lgan. Odamlar nochor ahvolga tushib qolgani uchun gumanitar yordam ham, o‘t ochishni zudlik bilan to‘xtatish ham juda zarur.
Bosh kotib yordamchisining fikricha, Ukraina haqiqiy falokat. Tashkilotning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, 27 mart holatiga ko‘ra, 1119 kishi halok bo‘lgan, ulardan 99 nafari bolalar. Ammo bu raqamlar ancha yuqori bo‘lishi ham mumkin.
"Mariupol, Xarkov, Chernigov va boshqa ko‘plab shaharlar o‘rab olingan, o‘qqa tutilgan va bloklangan. Bu shaharlardagi odamlar oziq-ovqat, suv, dori-darmon, elektr va issiqlik ta’minotisiz qoldi. Ular tuzoqqa tushgan. Ular umidsiz va juda tahlikada. Ba’zi hududlarda qurbonlarni dafn etish ham xavfli”, deydi Bosh kotibning gumanitar masalalar bo‘yicha yordamchisi.
BMT ma’lumotlariga ko‘ra, janglar natijasida Mariupoldagi turar-joy binolarining 90 foizi, taxminan 2600 inshoot vayron bo‘lgan.
BMT vakilining eslatishicha, shu kungacha Ukrainada 10 milliondan ortiq odam o‘z uyini tashlab qochgan, shu jumladan ukrainalik bolalarning yarmidan ko‘pi. Ularning qariyb 6,5 millioni ichki ko‘chirilganlar, 3,9 millioni qo‘shni davlatlarga qochqin sifatida kirgan.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi