Ukraina armiyasi Qrimdagi harbiy ob’ektlarga zarba berilganini tan oldi
Olam
−
08 Sentabr 2022
9293Ukraina avgust oyida Qrimdagi harbiy ob’ektlarga, jumladan Saki aerodromiga raketa zarbalari berganini tan oldi. Buni Ukraina Qurolli Kuchlari bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniy va Oliy Radaning Milliy xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Mixail Zabrodskiy “Ukrinform” nashrida e’lon qilingan maqolasida tasdiqladi.
Zalujniy va Zabrodskiyning maqolada yozishicha, ruslarning aksariyati urushning yaqinligini his qilmaydi, uning “uzoq ekanligi” tushunchasi ular muvaffaqiyatsizliklar va yo‘qotishlarni yetarlicha og‘riqli his qilmasligiga olib keladi, urushning narxini tushunmaydilar. Ularning nuqtai nazari bo‘yicha, aynan shunga ta’sir qilish kerak.
“Bu yondashuvning to‘g‘riligiga ishonarli misol sifatida Ukraina Qurolli Kuchlarining harbiy harakatlarni vaqtincha bosib olingan Qrim Muxtor Respublikasi hududiga jismonan o‘tkazish bo‘yicha muvaffaqiyatli harakatlarini keltirish mumkin. Gap dushmanning Qrimdagi havo bazalariga, birinchi navbatda Saki aerodromiga bir qator muvaffaqiyatli raketa zarbalari haqida ketmoqda”, deydi maqola mualliflari.
Tahririyatning qayd etishicha, 9 avgust kuni Saki aerodromiga uyushtirilgan “qo‘shma zarba” natijasida Rossiyaning 10 tagacha Su-24 va Su-30M samolyotlari ishdan chiqqan.
Ukraina Qurolli Kuchlari bosh qo‘mondoni ham urush 2022 yilda tugamasligiga ishonadi. U ruslar Zaporoje va Dneprni egallash uchun oldinga siljishlarini va Kiyevni egallash g‘oyasiga qaytishlarini istisno qilmayapti. Rossiya armiyasining eng real rejalari, uning nuqtai nazari bo‘yicha, janubda – Nikolayev, Odessa yoki Krivoy Rog yo‘nalishida oldinga siljiydi.
Avgust oyida Novofedorovka yaqinidagi Saki aerodromida kuchli portlashlar yuz berli va aviabazaga hujum qilindi. OAVning yozishicha, 9 dan 12 tagacha rus samolyotlari yonib ketgan. Keyinroq Kiyev zarbalar Ukraina Qurolli Kuchlari tomonidan berilganiga ishora qildi, Rossiya Mudofaa vazirligi esa “"tashqi ta’sirlar yo‘qligini” aytdi va bir nechta aviatsiya o‘q-dorilari portlaganini ma’lum qildi. Rossiya harbiylariga ko‘ra, aviatsiya texnikasiga ta’sir ko‘rsatmagan.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi.
LiveBarchasi