Uxlamay, uxlatmay ishlayotgan vazir, urug‘-aymog‘chilikka qarshi qonun, futbol o‘ynagan “Arqadag‘” – yangiliklar dayjesti
Jamiyat
−
15 noyabr 2021 15069 7 daqiqa
Jamiyat
YHXBB haydovchilarga murojaat bilan chiqdi
O‘zbekistonda ob-havo keskin o‘zgarib, hududlarda yomg‘ir va qor yog‘ishi holatlari kuzatilmoqda. Hozir Qamchiq dovonida qor yog‘moqda. Shu munosabat bilan Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi (YHXBB) haydovchilarga murojaat qildi.
Boshqarma haydovchilardan bunday ob-havo sharoitida quyidagilarni so‘rab qolgan:
• texnik nosozliklar, ayniqsa, rul boshqaruvi va tormoz tizimida nosozliklari bo‘lgan transport vositalaridan foydalanmaslik;
• isitish tizimi nosoz bo‘lgan, avtotransport oynalari terlab sun’iy pardani hosil qilib, ko‘rinishni cheklaydigan transport vositalaridan foydalanmaslik;
• oraliq masofani xavfsizlik darajasida ushlash;
• belgilangan tezlik talablariga aniq rioya qilish;
• mashinani mast holda boshqarmaslik.
Moskvadagi yong‘inda halok bo‘lgan migrantlar o‘zbekistonlik ekani ma’lum bo‘ldi
Avvalroq Moskva viloyatining Solnechnogorsk rayonidagi qurilish kabinalari shaharchasida sodir bo‘lgan yong‘in oqibatida to‘rt nafar migrant halok bo‘lgani, ikki nafari jarohat olgani haqida xabar bergan edik. Ular O‘zbekiston fuqarosi bo‘lishi mumkinligi aytilgandi.
Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Moskva viloyatining Solnechnogorsk shaharchasidagi mehnat migrantlari yashaydigan turar joyda sodir bo‘lgan yong‘in yuzasidan ma’lumot berdi.
Unga ko‘ra, 13 noyabr kuni Moskva viloyatining Solnechnogorsk shaharchasi Pribrejnaya ko‘chasida joylashgan quruvchilarning vaqtincha turar joyida yong‘in yuz bergan.
Jizzaxda “issiq-sovuq”chi ushlandi. Uning ro‘yxatida hokimlik va deputatlikka da’vogarlar ham bo‘lgan
Jizzax shahrining “Turon” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi fuqaroning norasmiy diniy faoliyat bilan shug‘ullanish hamda diniy ta’limotdan saboq berish bilan bog‘liq noqonuniy faoliyatiga chek qo‘yildi.
Aniqlanishicha, Jizzax shahrining Sayilgoh ko‘chasida yashovchi shaxs xonadonida go‘yoki, fuqarolarning ishlarini yaxshilash uchun sehr-jodu bilan shug‘ullanib kelgan. Shuningdek, ushbu shaxsning yashash joyi ko‘zdan kechirilganda, 12 kishi mijoz sifatida uning yoniga kelib, navbat kutayotgani ma’lum bo‘lgan.
Nihoyat, davlat tashkilotlarida urug‘-aymog‘chilikni yo‘qotish uchun qonun ishlab chiqildi
Davlat xizmatiga ishga qabul qilish va unda faoliyat olib borishda qarindosh-urug‘chilik (nepotizm) kabi korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillarning oldini olish, bunday holatlarga yo‘l qo‘yganlik uchun javobgarlikni belgilashni nazarda tutuvchi qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.
“O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi bilan mehnat munosabatlarini tartibga solishga qaratilgan qonunchilikka davlat xizmatiga ishga qabul qilish va unda faoliyat olib borishda qarindosh-urug‘chilikni taqiqlash hamda shunday holatlarga yo‘l qo‘yganlik uchun ma’muriy javobgarlikka tortish taklif etilmoqda.
Musayev uxlamay, uxlatmay ishlayapti. Vazir yarim tunda yig‘ilish o‘tkazgani rasman xabar qilindi
Joriy yilning 11 noyabr kuni Sog‘liqni saqlash vaziri etib tayinlangan Behzod Musayev sohadagi muammolar ko‘pligidan o‘zi ham uxlamay, boshqalarni ham uxlatmay ishlayapti.
Rasmiy xabarda aytilishicha, O‘zbekistonda yosh bolalar orasida o‘tkir respirator kasalliklarning davriy ko‘tarilishi kuzatilyapti va ushbu xastaliklarning eng yuqori ko‘rsatkichi Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri kelyapti. Natijada poytaxtdagi bolalar klinik shifoxonalariga yuklamalar sezilarli ortgan. Shu sababli Sog‘liqni saqlash vaziri Behzod Musayev boshchiligida ishchi guruh tuzilib, joriy yilning 13 noyabr kuni tunda poytaxt shifoxonalaridagi vaziyat o‘rganilgan.
Andijonda 6 erkak tomonidan zo‘rlanganini aytgan kelinchak tuhmat uchun jazolandi
Bundan 6 oy avval, Andijon viloyatida olti kishi tomonidan zo‘rlanganini aytib, tuhmat qilgan 5 oylik kelinchak 2,5 yil muddatga ozodlikdan cheklandi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 13 may kuni O.O. soat 17:00 larda Andijon tumani, “Qoraqalpoq” MFYda joylashgan dala shiyponida fuqarolar A.S., O.M., B.X., X.M., M.J.. B.A. va A.M. tomonidan zo‘rlanganini aytib, ijtimoiy tarmoqlarga yolg‘on xabar joylashtirgan.
OTMlarda eskicha jurnal va reyting daftarchadan voz kechiladi
Endi O‘zbekiston oliy ta’lim tizimida jurnal, reyting daftarcha qog‘oz ko‘rinishda bo‘lmaydi. Talaba guvohnomasi ham ID kartaga o‘tkaziladi. Bu haqda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov joriy yilning 13 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor (yig‘ilish)da ma’lum qildi.
“O‘zbekiston oliy ta’lim tizimida jurnal, reyting daftarcha qog‘oz ko‘rinishda bo‘lmaydi. Bugundan rektorlar bu ishga kirishishi kerak. Talaba guvohnomasini ham ID kartaga o‘tkazish va unda barcha ma’lumotlar saqlanishi bo‘yicha byudjet loyihasi ham muhokamada hozir”, deya ta’kidladi Abduqodir Toshqulov.
Olam
Rossiyada qullikda saqlangan o‘zbekistonlik ayollar ishi Yevropa sudida ko‘riladi
Strasburgdagi Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudi Moskvaning Golyanovo tumanidagi oziq-ovqat do‘koni egalari qullikda saqlayotgan Qozog‘iston va O‘zbekiston fuqarolarining shikoyatlarini ko‘rib chiqadi. Bu haqda Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudi saytida aytilgan.
Ta’kidlanishicha, sud besh jabrlanuvchining ikkita shikoyatini birlashtirgan. Birinchisi 2016 yilda O‘zbekiston fuqarolari Guljanar Nazanova va Bakiya Qosimovalar hamda qozog‘istonlik Fotima va Aliya Musabayevalar nomidan, ikkinchi ariza 2018 yilda Qozog‘iston fuqarosi Nesibeli Ibragimova tomonidan yuborilgan.
“Yerdagi do‘zax”. Afg‘onistonda yil oxirigacha 1 mln bola o‘lishi mumkin
Joriy yil oxirigacha Afg‘onistonda to‘yib ovqatlanmaslik oqibatida kamida 1 million bola halok bo‘lishi mumkin. Bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti rasmiy vakili Margaret Xarris ma’lum qildi.
“Afg‘onistonda to‘yib ovqatlanmaslik muammosi o‘sishda davom etmoqda. 5 yoshgacha bo‘lgan 3,2 million bola yil oxirigacha to‘yib ovqatlanmasligi mumkin. Ulardan kamida 1 millioni jiddiy to‘yib ovqatlanmaslikdan o‘lish xavfi ostida”, deydi hozir Afg‘onistonda bo‘lib turgan Xarris.
AQSHda eng ko‘p qidirilgan jinoyatchi 52 yil o‘tib topildi
AQSHda eng ko‘p qidirilgan jinoyatchilardan birining shaxsi oradan 50 yildan ko‘proq vaqt o‘tgach aniqlandi. Bu haqda AQSH sud xizmati xabar bergan.
Jinoyatchi Teodor Konrad 1969 yilda bankda ishlagan va ish joyidan 215 ming dollar (hozir bu 1,6 million dollarga to‘g‘ri keladi) o‘g‘irlagan. O‘g‘irlik bir necha kundan keyin ma’lum bo‘lgan.
Oradan uch oy o‘tgach, jinoyatchi Gavayi mehmonxonalaridan biridagi barda er-xotin bilan gaplashganidan keyin aniqlangan. Shunga qaramay, Konrad 50 yildan ko‘proq vaqt davomida yashirinib yurishga muvaffaq bo‘lgan.
“Arqadag‘” vazirlari bilan mini-futbol o‘ynadi
Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov vazirlari bilan mini-futbol bo‘yicha o‘rtoqlik musobaqasi o‘tkazdi. Bu haqda TDH xabar bergan.
Tadbir Kaspiy dengizi sohilidagi sport majmuasida sanitariya-gigiyena me’yorlariga rioya qilingan holda o‘tkazilgan.
Ta’kidlanishicha, Turkmaniston rahbari o‘z misolida yoshlarga sog‘lom turmush tarzi va jismoniy tarbiya muhimligini ko‘rsatib bergan.
“Sen Putinning qulisan”. Saakashvilining qamoqdagi videolari tarqatildi
Gruziya Jazoni ijro etish xizmati mamlakatning sobiq Prezidenti Mixail Saakashvilining qamoqxonada ochlik e’lon qilgani va Rustavi koloniyasidan qamoqxona shifoxonasiga majburan o‘tkazilgani aks etgan yangi kadrlarni e’lon qildi.
Saakashvilining advokatlari e’lon qilingan kadrlar Gruziyaning uchinchi Prezidentiga nisbatan g‘ayriinsoniy munosabatlarni aks ettirgan, deb hisoblaydi.
Sport
O‘zbekistonning bugungi raqibi Gruziya qanday terma jamoa?
Bugun, 15 noyabr kuni futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvlari doirasida Gruziya terma jamoasiga qarshi maydonga tushadi.
O‘zbekiston va Gruziya terma jamoalari shu paytgacha bir marta to‘qnash kelgan. 2017 yilda bo‘lib o‘tgan bahsda jamoalar 2:2 hisobida durang o‘ynagan. O‘sha o‘yinda Eldor Shomurodov “salibchilar” darvozasiga ikkita gol kiritgan.
Gruziya terma jamoasi 1991 yildan buyon xalqaro maydonlarda o‘ynab keladi. 2021 yil oktyabr holatiga ko‘ra, jamoa FIFA reytingida 93-o‘rinda bo‘lsa, UEFA reytingida 39-o‘rindan joy olgan.
PSJ Neymar xizmatlarini “Barselona”ga taklif qilgan
Braziliya terma jamoasi hamda PSJ hujumchisi Neymar o‘zining sobiq klubi “Barselona”ga qaytishi mumkin.
Manbaning ta’kidlashicha, agar, parijliklar kutilmaganda Kilian Mbappeni jamoada saqlab qolishga muvaffaq bo‘lishsa, klub Neymardan voz kechishi mumkin.
Xabarlarga ko‘ra, Parij klubi Neymar davri allaqachon tugagan deb hisoblamoqda. Rahbariyatning fikricha, braziliyalik muhim futbolchidan muammoli futbolchiga aylangan. Shu sabab, jamoani qayta tiklamoqchi bo‘lgan Fransiya grandi yozda Neymarni sotishga qaror qilgan.
Live
Barchasi