Uqubatlar xatoga yo‘l qo‘yganlar zimmasiga tushadi – “Tolibon” Markaziy Osiyo davlatlarini ogohlantirdi
Olam
−
26 may 2021
39744“Tolibon” harakati Afg‘onistonga qo‘shni davlatlarni, shu jumladan Tojikistonni ham o‘z hududida xorijiy bazalarni joylashtirmaslikka chaqirdi.
Toliblar bu bayonotni AQSHning Markaziy Osiyo mintaqasida o‘z harbiy bazalarini tashkil etishi to‘g‘risidagi ko‘plab xabarlar fonida berdi. Bu haqda RIA Novosti yozmoqda.
“Yerlarimiz boshqalarning xavfsizligiga qarshi ishlatilmasligi haqida bir necha bor ta’kidlaganmiz, shuningdek, boshqalarni ham o‘z yerlari va havo hududidan mamlakatimizga qarshi foydalanmaslikka chaqiramiz”, deyiladi harakat bayonotida.
“Tolibon” aks holda “barcha qiyinchiliklar va uqubatlar uchun javobgarlik bunday xatolarga yo‘l qo‘yganlarning zimmasiga tushishini” ta’kidladi.
“Markaziy Osiyo davlatlarini o‘z hududiga chet el qo‘shinlarini kirib kelishiga yo‘l qo‘ymaslikka chaqiramiz”, deyiladi bayonotda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq, Rossiya Tashqi razvedka xizmati direktori Sergey Narishkin AQSH Afg‘onistondagi ta’sirini yo‘qotmaslik uchun o‘z qo‘shinlarini Islom Respublikasidan qo‘shni mamlakatlarga o‘tkazishni istayotganini ta’kidlagan edi.
Qayd etish kerakki, Tojikistonda Rossiyaning 201-harbiy bazasi mavjud. Bu shunchaki nomiga harbiy baza emas, balki har tomonlama faol va geopolitik nuqtayi nazardan Rossiya uchun juda muhim ob’ekt.
Fikrning isboti sifatida qayd etish kerakki, Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Tojikistondagi 201-harbiy baza Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘ylab tinchlikni saqlashda muhim o‘rin egallashini ta’kidlagan bo‘lsa, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Tojikiston Prezidentiga ushbu bazaning faolligini ta’kidlab, shunday degan:
“Biz uni kuchaytirish, tojik Qurolli Kuchlarini yaxshilash uchun ish olib bormoqdamiz. Bizda ushbu sohada bir necha yillarga mo‘ljallangan butun boshli dastur mavjud. Uning o‘z vaqtida bajarilishi uchun hamma narsani qilamiz”.
“Bir qozonda ikki qo‘chqorning kallasi qaynamas”, deganlaridek Tojikiston AQSH qo‘shinlari uchun keyingi manzil bo‘lishi ehtimoldan yiroq.
Afg‘oniston bilan o‘zaro chegaraga ega bo‘lgan Markaziy Osiyoning boshqa bir davlati O‘zbekistonga keladigan bo‘lsak, bu mamlakat garchand AQSH harbiy bazasini o‘z hududida joylashtirish bo‘yicha tajribaga ega bo‘lsa-da, endilikda qonunchilik bunga yo‘l bermaydi. Jumladan O‘zbekiston Konstitutsiyasi, 2018 yilda qabul qilingan Mudofaa doktrinasi va 2012 yilda qabul qilingan mamlakat tashqi siyosat konsepsiyasida “O‘zbekiston o‘z hududiga xorijiy harbiy baza va ob’ektlar joylashtirishga yo‘l qo‘ymasligi” qayd etilgan.
Afg‘oniston atrofidagi vaziyat
Joriy yilning 14 aprel kuni “Tolibon” barcha xorijiy kuchlarni Afg‘onistondan olib chiqib ketishni talab qildi.
Jo Bayden 11 sentyabrgacha Afg‘onistondagi barcha AQSH askarlarini mamlakatdan chiqarish niyatida ekanini aytgandi. Harbiylarni chiqarish ishlari may oyidan boshlandi.
OAVda AQSH ortidan uning ittifoqchisi Buyuk Britaniya ham Afg‘onistondagi harbiy kontingentini ortga qaytarishini haqida ma’lumotlar tarqaldi. Shuningdek, Gruziya ham Afg‘onistondan o‘z qo‘shinlarini olib chiqmoqchi ekanini bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Afg‘onistonda o‘ldirilgan tinch aholining 43,5 foizi “Tolibon” hissasiga to‘g‘ri kelayotgani haqida xabar berilgandi.
Keyinchalik, rasmiy Tehron “Tolibon” harakatining Afg‘onistonda Islom amirligini tuzish bo‘yicha rejalari to‘g‘risida xabardorligi va bunga aslo yo‘l qo‘ymasligini ma’lum qilgandi.
Turkiya, Pokiston va Afg‘oniston “Tolibon”ni “Afg‘onistonda barqaror tinchlikka olib keladigan har tomonlama muzokarali kelishuvga erishishga” sodiqligini tasdiqlashga chaqirdi.
LiveBarchasi