Yangi iddao: AQSH O‘zbekistonda harbiy baza qurish harakatidaligi aytilmoqda
Olam
−
20 may 2021
27943AQSH armiyasi quruqlikdagi qo‘shin muhandislar korpusi Yaqin Sharq va Markaziy Osiyodagi 20 ta davlatda harbiy ob’ektlar qurish loyihasi uchun potensial pudratchilar imkoniyatlarini o‘rganmoqda. Bu haqda Rossiyaning “Russia Today” nashri yozmoqda.
“AQSH Mudofaa vazirligi Yaqin Sharq va Markaziy Osiyoning 20 mamlakatida, jumladan Qozog‘iston, O‘zbekiston, Tojikiston va Turkmanistonda yangi inshootlar qurmoqchi”, deyiladi xabarda.
Nashrning yozishicha, AQSH ushbu davlatlarda harbiy ob’ektlar bilan bir qatorda aeroportlar va tegishli infratuzilma: avtomobil yo‘llari, portlar, shifoxonalar, ishlab chiqarish korxonalari, elektr stansiyalar, suv ta’minoti tarmoqlari va boshqalarni ham qurmoqchi.
Bundan tashqari, ushbu loyiha barcha turdagi samolyotlar uchun uchish-qo‘nish yo‘laklari va perronlar qurishni o‘z ichiga oladi.
“Texnik topshiriqlar qatoriga harbiy sotish va harbiy qurilish dasturlarini loyihalash xizmatlari, shu jumladan turli ob’ektlar uchun gorizontal va vertikal inshootlar kiradi”, deyiladi xabarda.
Rus nashriga ko‘ra, loyihani amalga oshirish uchun jami 240 million AQSH dollari ajratiladi. Pudratchilar bilan shartnoma besh yilga imzolanishi kutilmoqda.
Rossiya ommaviy axborot vositalari bundan avval ham O‘zbekiston hududida go‘yoki AQSHga tegishli yoki ushbu davlat tomonidan moliyalashtiriladigan harbiy ob’ektlar borligi haqida xabarlar tarqatgan edi.
Jumladan, “Sputnik” nashri Rossiya Federatsiyasi Davlat Dumasi deputati Gennadiy Onishenkoning so‘zlarini keltirib, shunday yozgan edi:
“AQSH Mudofaa vazirligi tomonidan moliyalashtiriladigan biologik laboratoriyalar hozirda Ozarbayjon, Armaniston, Gruziya, Qozog‘iston, Moldova, Ukraina va O‘zbekistonda faoliyat yuritmoqda. Rossiya ushbu markazlarda xavfli infeksiyalarni o‘rganish niqobi ostida biologik qurollar ishlab chiqarilayotganidan xavotirda”.
O‘zbekiston hududida xorijiy davlat mudofaa sanoatiga qarashli harbiy baza va ob’ektlarning mavjud bo‘lishi mumkin emas. Chunki O‘zbekistonning 2018 yilda qabul qilingan Mudofaa doktrinasi, mamlakat Konstitutsiyasi va 2012 yilda qabul qilingan mamlakat tashqi siyosat konsepsiyasida “O‘zbekiston o‘z hududiga xorijiy harbiy baza va ob’ektlarni joylashtirishga yo‘l qo‘ymasligi” belgilangan.
Shu o‘rinda, rossiyalik deputat Gennadiy Onishenkodan intervyu olib, O‘zbekiston hududida go‘yoki xorijiy harbiy bazalar mavjudligi haqida axborot tarqatgan “Sputnik” nashriga to‘xtalsak. Ushbu axborot agentligi Rossiya Federatsiyasi hukumatiga tegishli bo‘lgan “Rossiya segodnya” kompaniyasiga qaraydi.
Bundan tashqari, yuqorida AQSHning Yaqin Sharq va Markaziy Osiyodagi 20 ta davlatda, shu jumladan, O‘zbekistonda ham harbiy baza qurishi haqida hech qanday hujjatga asoslanmasdan xabar tarqatayotgan “Russia Today” nashri ham Rossiya Federatsiyasi hukumatiga tegishli bo‘lgan yuqoridagi kompaniya tarkibiga kiradi. Anglash mumkinki, ushbu nashrlar mustaqil emas, hukumat tomonidan moliyalashtiriladi. Shu o‘rinda ularning xolis axborot tarqatishiga ham shubha bor.
Ushbu “Rossiya segodnya” kompaniyasiga esa Dmitriy Kiselyov rahbarlik, Margarita Simonyan esa bosh muharrirlik qiladi. Bu ikki shaxs, ularning qing‘ir ishlari va pul evaziga Rossiya hukumatining qo‘g‘irchog‘iga aylangani haqida bugungi kunda qamoqda o‘tirgan Rossiya muxolifati rahbari Aleksey Navalniy bir necha hujjatli film olgan.
O‘z davrida AQSHda ham, SSSRda ham ishlagan mashhur jurnalist Vladimir Pozner bir necha bor o‘zi trening va intervyularida Rossiyada jurnalistika yo‘qligini ta’kidlagan. Shunday ekan Rossiya nashrlarining yuqoridagi xabarlarini provakatsiyadan boshqa narsa deyish mushkul.
LiveBarchasi