Rossiya deputati O‘zbekistonda AQSHning biologik qurollar ishlab chiqaruvchi laboratoriyasi borligini aytmoqda
Olam
−
18 may 2021
28614Qattiq nazoratning yo‘qligi sobiq SSSR respublikalari hududida AQSHning biologik laboratoriyalarining paydo bo‘lishiga olib keldi. Bu haqda Rossiya Federatsiyasi Davlat Dumasi deputati, “Rospotrebnadzor”ning sobiq rahbari hamda epidemiolog Gennadiy Onienko “Sputnik” nashriga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
Gennadiy Onienkoning ta’kidlashicha, AQSH Mudofaa vazirligi tomonidan moliyalashtiriladigan bunday biologik laboratoriyalar hozirda Ozarbayjon, Armaniston, Gruziya, Qozog‘iston, Moldova, Ukraina va O‘zbekistonda faoliyat yuritmoqda. Rossiya ushbu markazlarda xavfli infeksiyalarni o‘rganish niqobi ostida biologik qurollar ishlab chiqarilayotganidan xavotirda.
“Ushbu laboratoriyalarda yuqori malakali harbiy mikrobiologlar ishlaydi. Albatta, ular gruzin yoki ozarbayjon bolalarini himoya qilish uchun u-bu narsa ustida ishlamaydi. Ular tabiiy virus o‘choqlarini o‘rganmoqda va shtammlarni eksport qilish bilan shug‘ullanadi. Ularning vazifasi oddiy – mahalliyga osonlikcha aylanishi mumkin bo‘lgan yuqori yuqumlilik darajasiga ega bo‘lgan shtammlarni yaratish”, deydi u.
Deputatning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyada ayniqsa Qozog‘istonning Olma-ota shahri yaqinida joylashgan Markaziy laboratoriya jiddiy tashvish tug‘dirmoqda. Ushbu muassasa eng zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan va Pentagonning Markaziy Osiyodagi ilmiy tarmog‘ining bir qismidir.
O‘zbekiston hududida xorijiy davlat mudofaa sanoatiga qarashli laboratoriyalar borligi haqida hech qanday rasmiy ma’lumot mavjud emas. Shunday ekan Rossiya deputatining yuqoridagi bayonotlarini provakatsiyadan boshqa narsa deyish mushkul.
Qayd etish kerakki, O‘zbekistonning 2018 yilda qabul qilingan Mudofaa doktrinasi, mamlakat Konstitutsiyasi va 2012 yilda qabul qilingan mamlakat tashqi siyosat konsepsiyasida “O‘zbekiston o‘z hududiga xorijiy harbiy baza va ob’ektlarni joylashtirishga yo‘l qo‘ymasligi belgilangan.
LiveBarchasi