Rossiya harbiy bazasi Markaziy Osiyodagi xavfsizlikning muhim omili – Lavrov
Olam
−
19 may 2021
7184Bugun, 19 may kuni Rossiya Federatsiyasining Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Dushanbega qilgan tashrifi doirasidaTojikiston TIV rahbari Sirojiddin Muhriddin bilan muzokaralar o‘tkazdi. Bu haqda TASS xabar berdi.
Sergey Lavrov Tojikiston TIV rahbari bilan muloqot davomida Rossiya Afg‘oniston shimolida terrorchilarning faollashishidan xavotirda ekanini aytgan.
"Biz Afg‘onistonning shimoliy viloyatlarida xalqaro terroristik tashkilotlar jangarilarining faollashishidan xavotirdamiz. Terrorizm, ekstremizm va giyohvand moddalar savdosiga qarshi kurashda Dushanbega barcha zarur yordamlarni berishga tayyormiz va va buni amalda qo‘llaymiz", degan Lavrov.
Lavrov Rossiyaning Tojikistondagi 201-harbiy bazasi mintaqada tinchlikni saqlashda muhim o‘ringa egaligini ta’kidlab, shunday degan:
“Markaziy Osiyodagi barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlashda Tojikistondagi 201-rus harbiy bazasi muhim omil ekani borasida yakdil fikrga egamiz. Rossiya Qurolli kuchlari ishtirokida terrorchilikka qarshi kurash bo‘yicha muntazam mashqlar o‘tkazilyapti.”
Sergey Lavrov Sirojiddin Muhriddin bilan muloqoti chog‘ida shuningdek, Rossiya rasmiy Dushanbega tojik-afg‘on chegarasida yangi zamonaviy chegara postini qurishga moliyaviy yordam berishini ta’kidladi.
“Bugun biz Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXSHT) faoliyati doirasida ham, ikki tomonlama ham tojik-afg‘on chegarasini mustahkamlash bo‘yicha qilinayotgan qadamlarni muhokama qildik. Rossiya Qurolli Kuchlari ishtirokida muntazam ravishda terrorizmga qarshi mashqlar o‘tkazilmoqda va yaqin kelajakda biz hukumatlararo bitimni imzolashni kutmoqdamiz, unga muvofiq tojik-afg‘on chegarasi uchastkalarining birida zamonaviy chegara postini qurishda moliyaviy ko‘mak beramiz”, degan Rossiya TIV rahbari.
Eslatib o‘tamiz, 8 may kuni Moskvada Tojikiston va Rossiya Prezidentlari Imomali Rahmon hamda Vladimir Putin o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tgandi. Putin ushbu uchrashuvda AQSH qo‘shinlarining Afg‘onistondan chiqarilayotgani sababli xavotirga tushgan Rahmonga Tojikiston Qurolli kuchlarini takomillashtirishda yordam berishini aytgandi.
Sardor To‘lanboyev
LiveBarchasi