Rahmon Putin huzurida. Ikkovlon nimalarni muhokama qildi?
Olam
−
09 may 2021
8659Kecha, 8 may kuni Moskvada Tojikiston va Rossiya Prezidentlari Imomali Rahmon hamda Vladimir Putin o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Rossiya rahbari Tojikiston Prezidentiga 9 may – “G‘alaba kuni” oldidan Moskvaga kelgani uchun minnatdorlik bildirgan va bu ikki mamlakat xalqlari uchun umumiy bayram ekanini ta’kidlagan.
“Sizni ko‘rganimdan juda xursandman. Bu safar siz G‘alaba kuni munosabati bilan keldingiz. Bu bizning umumiy bayramimiz. Vaqt ajratib, kelganingiz uchun katta rahmat. Bilaman, Ulug‘ Vatan urushi davrida tojikistonliklarning deyarli uchdan biri jangga ketgan, lekin hammasi ham uyga qaytmagan, vafot etgan”, deydi Putin.
Uchrashuv davomida Prezidentlar, shuningdek, ikki tomonlama iqtisodiy aloqalarni ham muhokama qilgan.
“Mehnat muhojirlari – muhim masala. Men bu masalaning Tojikiston uchun nozik ekanini bilaman. Odamlar o‘zini qulay his qilishi uchun hamma narsani qilyapmiz, ayniqsa bizda, haqiqatan ham, iqtisodiyotning barcha sohalarida ishchilar yetishmayapti”, deydi Rossiya rahbari.
Shuningdek, Rossiya Prezidenti COVID-19 pandemiyasi davrida ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo aylanmasi kamayganini aytib o‘tgan.
“Rossiya Tojikistonning asosiy savdo-iqtisodiy hamkori bo‘lib qolayotganini juda mamnuniyat bilan ta’kidlayman. To‘g‘ri, pandemiya tufayli savdo biroz pasaydi, ammo ishonchim komilki, u tiklanadi, rivojlanadi va bunga yetarlicha asos mavjud. Bizda yaxshi loyihalar bor”, deya qo‘shimcha qildi u.
Bundan tashqari, Vladimir Putin Tojikiston rahbari bilan uchrashuvda Afg‘onistondagi voqealar sababli mintaqadagi xavfsizlik masalalariga ham e’tibor qaratgan.
“Mintaqadagi xavfsizlik masalalari Afg‘onistonda sodir bo‘layotgan voqealar bilan bog‘liq holda juda muhimdir. Tojikiston Afg‘oniston bilan eng uzun chegaraga ega. Bilaman, bu holat sizni juda tashvishga solmoqda. Aytish kerakki, bunga asos bor”, deydi Rossiya Prezidenti.
Putin bu masalada Rahmonning fikri va Dushanbeda mintaqadagi voqealar rivojiga qanday qaralishiga qiziqish bildirgan.
“O‘z navbatida biz sizni qo‘llab-quvvatlash uchun hamma narsani qilamiz”, deya ta’kidladi Putin.
U Rossiya qurolli kuchlarining 201-bazasi Tojikistonda faoliyat yuritayotganini eslab o‘tgan.
“Biz uni kuchaytirish, tojik qurolli kuchlarini yaxshilash uchun ish olib bormoqdamiz. Bizda ushbu sohada bir necha yillarga mo‘ljallangan butun boshli dastur mavjud. Uning o‘z vaqtida bajarilishi uchun hamma narsani qilamiz”, deydi u.
Imomali Rahmon nima dedi?
Tojikiston Prezidenti yuqorida qayd etilgan yo‘nalishlarda ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik rivojlanib borayotganidan mamnunligini bildirgan va Rossiya Federatsiyasi asosiy hamda muhim savdo-iqtisodiy sherik bo‘lib qolayotganini ta’kidlagan.
Tojikiston Respublikasi Prezidenti Matbuot xizmati 2020 yilda mamlakatlar o‘rtasidagi savdo hajmi COVID-19 pandemiyasi bilan bog‘liq qiyinchiliklarga qaramay, deyarli bir milliard AQSH dollarini tashkil etganini qayd etmoqda.
Uchrashuvda Tojikistondan yuqori sifatli va ekologik toza meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish hajmini ko‘paytirish uchun Rossiya bozori ehtiyojlarini hisobga olgan holda sarmoyalar sohasidagi hamkorlikka yangi turtki berish zarurligi ta’kidlangan.
“Uchrashuv chog‘ida ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikning boshqa dolzarb jihatlari, shu jumladan, mehnat migratsiyasi, aviaaloqalar sohasi muhokama qilindi. Bunda ikki mamlakat o‘rtasida parvozlarni ko‘paytirish muhimligi ta’kidlandi, shuningdek, hamkorlik aloqalarini rivojlantirish masalalari sog‘liqni saqlash sohasi, ayniqsa, yangi koronavirus oqibatlariga qarshi kurashda ham muhim o‘rin tutgani aytildi. Harbiy-texnik hamkorlikning qo‘shma dasturlarini amalga oshirish jarayoniga tegishli e’tibor berildi”, deyiladi Tojikiston Respublikasi Prezidenti Matbuot xizmati bergan bayonotda.
Xavfsizlik sohasidagi ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikka oid masalalarni muhokama qilishda tomonlar global tahdid va muammolarga, xususan terrorizm, ekstremizm, giyohvand moddalar savdosi va transmilliy uyushgan jinoyatchilikning boshqa turlariga qarshi birgalikda kurashni kuchaytirish zarurligini ta’kidlagan.