O‘qituvchilarni “shanbalik”ka majburlagan maktab direktori jazolandi
Jamiyat
−
23 avgust 2023
6230Ijtimoiy tarmoqda Toshkent shahri Yashnobod tumanidagi 149-maktab o‘qituvchilari majburiy mehnatga jalb qilingani haqida xabar tarqaldi. Holat yuzasidan Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi munosabat bildirdi.
Ma’lum qilinishicha, surishtiruvlar davomida muhokamalarga sabab bo‘lgan mazkur xabar o‘z tasdig‘ini topgan. Unga ko‘ra, Yashnobod tumanidagi 149-maktab direktori tomonidan o‘qituvchilar noqonuniy ravishda obodonlashtirish hamda ko‘kalamzorlashtirish ishlariga jalb qilingan.
Shu sababli, tashkilot rahbariga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 51-moddasi (Mehnatga ma’muriy tarzda majburlash) 2-qismiga asosan ma’muriy jarima qo‘llanilgan. Mazkur moddada BHMning 100 baravaridan 150 baravarigacha jarima jazosi belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xorazm viloyati Yangibozor tumanidagi 28-maktab o‘qituvchilari direktor tomonidan majburiy mehnatga jalb qilingani haqida xabar berilgandi. Shuningdek, Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 12-umumta’lim maktabi rahbari o‘qituvchilarni ta’til vaqtida majburiy mehnatga jalb qilgan edi.