Turkiya Rossiya harbiy kemalari uchun ikki bo‘g‘ozini yopdi
Olam
−
28 fevral 2022
15097Rasmiy Anqara Rossiyaning Ukrainadagi maxsus harbiy operatsiyasini urush deb atadi hamda Bosfor va Dardanel bo‘g‘ozlari bo‘yicha Montryo konvensiyasining tegishli qoidalariga murojaat qiladi. Bu haqda Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘li CNN Turk telekanali efirida ma’lum qildi.
Chavusho‘g‘li, Turkiya konvensiyaning 19-moddasiga qat’iy rioya qilishini ta’kidladi.
“19-modda juda aniq. Dastlab bu Rossiyaning hujumi edi, biz buni mutaxassislar, harbiylar va huquqshunoslar bilan baholadik. Endi bu urushga aylandi”, degan Chavusho‘g‘li.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Turkiya mojaro tomonlariga nisbatan Montrö konvensiyasi qoidalariga amal qiladi.
Konvensiyaning 19-moddasiga ko‘ra, urush paytida Turkiya urushayotgan davlat bo‘lmaganida, urushayotgan mamlakatlarning harbiy kemalari bo‘g‘ozlardan o‘tishi mumkin emas. Ushbu qoidadan bir nechta istisnolar mavjud, masalan, Turkiya o‘zaro yordam shartnomasi bo‘yicha hujum qurboni bo‘lgan davlatga yordam berishga majbur bo‘lsa.
Biroq, urushayotgan harbiy kemalar o‘zlarining asosiy langar portlariga qaytish uchun bo‘g‘ozlardan o‘tishi mumkin.
Rossiyaning Ukrainaga bosqini
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Buning ortidan Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirdi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi.
Rus qo‘shinlari dastlab Kiyev va Xarkovga raketa hujumi uyushtirdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi. Shuningdek, rasmiy idora rus qo‘shinlari Xarkov va Odessa viloyatiga kirib borganini bildirdi.
Hujum boshlanganidan ko‘p o‘tmay, LXR Ichki ishlar vaziri maslahatchisi Vitaliy Kiselev Schaste va Stanitsa shaharchalari LXR nazoratiga o‘tganini e’lon qildi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
LiveBarchasi