To‘qayev Rossiya va Ukrainani “yarashtirish”ga tayyorligini aytdi
Olam
−
01 mart 2022
6188Qozog‘iston Rossiya va Ukrainani mojaroni hal qilish uchun umumiy til topishga chaqiradi va kerak bo‘lsa, u vositachi sifatida yordam qo‘lini cho‘zishga tayyor. Bu haqda Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev ma’lum qildi.
“Bizning pozitsiyamiz davlatimiz xavfsizligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini ta’minlashning keskin zaruratidan kelib chiqishi kerak. 2010 yilda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT) sammitiga mezbonlik qilgan davlat sifatida biz Yevroosiyo xavfsizligining ajralmasligi tamoyilida qat’iy turibmiz. Bu haqda 10 fevral kuni Moskvaga tashrifim chog‘ida ham aytgandim”, degan u.
Uning fikricha, bu tamoyil o‘zaro ishonchga asoslangan o‘zaro tushunishni nazarda tutadi.
“Afsuski, bunday bo‘lmadi. Minsk kelishuvlari qog‘ozda qolib, Ukraina hududida harbiy amaliyotlar olib borildi. Biz har ikki davlatni muzokaralar stolida umumiy til topishga va kelishuvga erishishga chaqiramiz. Qozog‘iston, o‘z navbatida, agar zarur bo‘lsa, har qanday yordam, jumladan, vositachilik xizmatlarini ko‘rsatishga tayyor”, degan davlat rahbari.
To‘qayev, shuningdek, Xavfsizlik Kengashida bir qator ishchi uchrashuvlar o‘tkazganini va hukumat oldiga sanksiya qarama-qarshiligining misli ko‘rilmagan keskinlashuvi sharoitida Qozog‘istonning barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta’minlash bo‘yicha aniq vazifalarni qo‘yganini eslatgan.
“Iqtisodiyotimiz inqirozli vaziyatda uzluksiz ishlashini ta’minlash uchun sanksiya chaqiriqlarini qaytarishga tayyor bo‘lishi kerak. O‘ylaymanki, biz barchamiz birgalikda kelayotgan qiyinchiliklarni yengamiz. Ularning murakkabligini e’tibordan chetda qoldirib bo‘lmaydi, lekin bo‘rttirib ham bo‘lmaydi”, degan Prezident.
Rossiyaning Ukrainaga bosqini
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Buning ortidan Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirdi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi.
Rus qo‘shinlari dastlab Kiyev va Xarkovga raketa hujumi uyushtirdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi. Shuningdek, rasmiy idora rus qo‘shinlari Xarkov va Odessa viloyatiga kirib borganini bildirdi.
Hujum boshlanganidan ko‘p o‘tmay, LXR Ichki ishlar vaziri maslahatchisi Vitaliy Kiselev Schaste va Stanitsa shaharchalari LXR nazoratiga o‘tganini e’lon qildi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
LiveBarchasi