To‘qayev Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisini o‘zgartirdi. Yangi rais kim?
Olam
−
06 yanvar 2022
11156Kecha, 5 yanvar kuni Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Karim Masimovni respublika Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisi lavozimidan ozod qildi va bu lavozimga Davlat xavfsizlik xizmatining sobiq rahbari Yermek Sagimbayevni tayinladi.
Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.
“Davlat rahbarining farmoni bilan Masimov Karim Kazjimkanovich Qozog‘iston Respublikasi Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisi lavozimidan ozod etildi”, deyiladi hujjatda.
O‘sha kuni To‘qayev Sagimbayevni Davlat qo‘riqlash xizmati rahbari lavozimidan bo‘shatib, MXQ raisi etib tayinladi.
Yermek Sagimbayev 1967 yil 11 oktyabrda Qozog‘istonning Olmaota viloyatida tug‘ilgan.
U 1985-1987 yillarda SSSR Qurolli Kuchlarida xizmat qilgan.
1994-2006 yillarda milliy xavfsizlik organlarida ofitserlik lavozimlarida ishlagan.
2006 yil may oyida u Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti qo‘riqlash xizmatining shaxsiy tarkibiga qabul qilingan.
2006-2019 yillarda Prezident qo‘riqlash xizmatida ofitserlik va rahbarlik lavozimlarida, shuningdek, tezkor ta’minlash bo‘linmalarida xizmat qilgan.
2019 yilning may oyida u Davlat qo‘riqlash xizmati rahbarining o‘rinbosari – Prezident xavfsizlik xizmati rahbari etib tayinlangan edi.
2021 yil iyul oyida Qozog‘iston Respublikasi Davlat qo‘riqlash xizmati rahbari o‘rinbosari lavozimini egallagan.
2021 yil avgustidan Qozog‘iston Respublikasi Davlat qo‘riqlash xizmatini boshqarib kelgan.
2020 yilda General-mayor unvonini olgan.
Qozog‘istonda namoyishlar
Qozog‘istonda norozilik aksiyalari yangi yilning ilk kunlaridan boshlandi. Janaozen shahrida avtomobil egalari suyultirilgan gaz narxi 120 tengega (qariyb 3 ming so‘m) ko‘tarilganidan norozi bo‘lib, ommaviy mitingga chiqdi. Tobora olovlangan namoyishlar ortidan Hukumat komissiyasi Aqtau shahridagi “Intimak” maydonida namoyishchilar bilan uchrashgan. Uchrashuv davomida suyultirilgan gaz narxini pasaytirish va Mang‘istau viloyatida gaz narxini litri uchun 50 tenge etib belgilash to‘g‘risida qaror qabul qilingan.
Muzokara davomida tomonlar barcha yuzaga kelayotgan muammolarni konstruktiv muloqotning asosiy oqimida va amaldagi qonunchilik doirasida hal qilishga kelishib olgan.
Shuningdek, miting ishtirokchilari javobgarlikka tortilmasligiga ham kafolat berilgandi. Lekin, 5 yanvar kuni Qozog‘iston huquq-tartibot idoralari mamlakatning bir qancha viloyatlarida sodir etilgan noqonuniy harakatlar chog‘ida jamoat tartibini buzganlik uchun 200 dan ortiq kishini qo‘lga oldi.
5 yanvar kuni, shuningdek, Qozog‘istonning amaldagi Hukumati iste’fo berdi. Prezident Qosim-Jomart To‘qayev Hukumat iste’fosini qabul qildi. Shuningdek, Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti - Elboshi Nursulton Nazarboyev Qozog‘iston Xavfsizlik kengashi raisi lavozimidan ketdi. Uning o‘rnini Prezident To‘qayev egalladi.
To‘qayev mamlakatdagi norozilik vaziyatiga Hukumat, xususan, Energetika vazirligi, shuningdek, “Kazmunaygaz” va “Kazakgaz” kompaniyalarini aybladi.
Qozog‘istonda butun mamlakat bo‘ylab 19 yanvargacha favqulodda holat joriy etildi. Shuningdek, shu kunlarda soat 23:00 dan 07:00 gacha komendantlik soati amalda bo‘ladi.
Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (ODKb) mamlakatga cheklangan muddatga tinchlikparvar kuchlarni kiritish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
LiveBarchasi