Tramp Zelenskiyni yana Oq uyga taklif qiladi (video)
Olam
−
12 mart 5387 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan Oval kabinetda janjallashib qolganidan keyin uni yana Oq uyga taklif qilishini aytdi. Bu haqda u kecha, 11 mart kuni Oq uy bog‘ida OAV vakillari bilan suhbatda jurnalistlarning savoliga javoban ma’lum qildi.
Donald Tramp Jiddadagi AQSH va Ukraina o‘rtasidagi so‘nggi muzokaralar bo‘yicha izoh berayotgandi. Undan Ukraina Prezidenti Zelenskiy “Oq uyga qayta taklif qilinadimi” deb so‘rashdi va Tramp “Ha, mutlaqo”, deb javob berdi.
Shuningdek, u Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi jarayon to‘liq o‘t ochishni to‘xtatishga olib kelishiga umid bildirdi:
“Bu yerda biz to‘liq o‘t ochishni to‘xtatish haqida gapiryapmiz. Ukraina buni qabul qildi va umid qilamanki, Rossiya ham bu taklifni qabul qiladi. Bugun va ertaga ular bilan gaplashamiz va kelishuvga erishamiz degan umiddamiz”.
AQSH Prezidenti Donald Tramp va Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy 28 fevral kuni Oval kabinetda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda kameralar oldida tortishdi. Keyinchalik e’lon qilingan qo‘shma matbuot anjumani bekor qilindi, Zelenskiy Oq uyni yolg‘iz qoldirdi va nodir qazilmalar bo‘yicha bitim imzolanmadi.
Tramp Zelenskiy “Amerika xalqini hurmat qilmasligini” ta’kidlagan bo‘lsa, Zelenskiy esa uzr so‘rash uchun yetarlicha xato qilmaganini aytdi.
4 mart kuni kechqurun Kongressda so‘zlagan Tramp, Zelenskiy unga Ukraina noyob qazilmalar to‘g‘risidagi bitimni imzolashga va tinchlik muzokaralarini boshlashga tayyorligi haqida maktub yuborganini aytdi. AQSH Prezidenti Donald Trampning maxsus vakili Stiv Uitkoff esa “Fox News” telekanalida qilgan chiqishida Zelenskiy Trampga yo‘llagan maktubida “uzr so‘raganini” aytdi.
Boshqa tomondan, AQSH Markaziy razvedka boshqarmasi direktori Jon Ratkliff Tramp va Zelenskiy o‘rtasidagi Oval kabinetdagi suhbatdan so‘ng ular bu mamlakatga razvedka ma’lumotlarini qo‘llab-quvvatlash va harbiy ta’minotni vaqtincha to‘xtatganini tasdiqladi va bu vaqtinchalik chora ekanligini ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 11 mart kuni Jidda shahrida AQSH va Ukraina delegatsiyalari muzokara o‘tkazgandi. Muzokaralardan so‘ng Ukraina Prezidenti devonining rahbari Andrey Yermak agar Rossiya xuddi shunday qadamga rozi bo‘lsa, Ukraina AQSHning 30 kunga o‘t ochishni to‘xtatish haqidagi taklifini qabul qilishga tayyorligini bildirdi. AQSH Davlat kotibi Marko Rubio ham Ukrainaning o‘t ochishni to‘xtatish taklifini Rossiya tomoniga yetkazishlarini va “to‘p endi rossiya maydonida” ekanini aytdi.
Live
Barchasi