Kurs UZS

USD

12 938.11

18.11

EUR

14 076.66

-25.52

RUB

149.99

0.47

Dunyo siyosatchilari kimni qo‘llamoqda – Tramp yoki Zelenskiy?

Tahlil

image

Dunyo e’tibori bir kun ichida AQSHdagi Oq uyga qaratildi. AQSH Prezidenti Donald Tramp Ukraina yetakchisi Vladimir Zelenskiyni Oq uydan “haydab” yuborishi sayyoraning barcha nuqtalarida muhokama qilina boshlandi. Kimlardir Rossiya tomonga “o‘ynash”ni xohlayotgan Trampga yon bosayotgan bo‘lsa, yana kimlardir himoyasiz qolgan Zelenskiyga qo‘l cho‘zdi. Bu dag‘anaki jangga dunyo yetakchilari nima deydi? Kim bu ishlari uchun Trampni qoraladi-yu, kim Zelenskiyga umid bo‘la oldi? QALAMPIR.UZ 28 fevral kuni AQSHda bo‘lgan bu mojaroga dunyo yetakchilari qanday fikr bildirganini jamladi.

Ukrainani xafa qilishni xohlamayotgan Yevropa

Yevropaning ko‘plab yetakchilari Ukraina tomondaligi va unga qo‘ldan kelgancha yordam berishini qayta-qayta ta’kidladi. Buning isboti sifatida Ukraina rahbarining Buyuk Britaniyaga yo‘l olganini ham ko‘rishimiz mumkin. Ko‘plab OAVlarga ko‘ra, Britaniya poytaxti Londonda bir qancha Yevropa yetakchilari yig‘ilib, Ukraina taqdiri haqida gaplashmoqchi. Ular kechaning o‘zida ijtimoiy tarmoqlarda ham Zelenskiyga dalda bo‘lishga harakat qildi.

Birinchi bo‘lib, Polsha Bosh vaziri Donald Tusk X sahifasida Zelenskiy yolg‘iz emasligini eslatdi.

“Hurmatli Zelenskiy, aziz ukrainalik do‘stlar, siz yolg‘iz emassiz”, dedi Tusk

Shundan so‘ng, o‘z ijtimoiy tarmoqlarida Yevropa Ittifoqi yetakchilari Ursula fon der Lyayen va Antoniu Koshta ham Zelenskiyni “hech qachon yolg‘iz qolmasligiga” ishontirdi.

“Kuchli bo‘l, jasur bo‘l, qo‘rqmas bo‘l. Biz siz bilan adolatli va mustahkam tinchlik uchun hamkorlik qilishda davom etamiz”, deb yozdi Yevrokomissiya va Yevropa kengashi rahbarlari ijtimoiy tarmoqlardagi qo‘shma bayonotida.

Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron ham Rossiya urushda “tajovuzkor” ekanligini aytdi.

“Uch yil avval Ukrainaga yordam berib, Rossiyaga qarshi sanksiyalar qo‘yganimiz to‘g‘ri bo‘lgan va buni qilishda davom etamiz”, dedi Fransiya rahbari.

Shuningdek, Fransiya Prezidenti Trampning Zelenskiyga qarshi ayblovlariga ishora qilib, “kimdir uchinchi jahon urushi bilan o‘ynasa, bu Vladimir Putin”, dedi.

Germaniyaning ehtimoliy bo‘lajak kansleri Fridrix Mers ham Zelenskiyni qo‘llab-quvvatlashiga ishontirdi.  

“Biz hech qachon bu dahshatli urushda tajovuzkor va qurbonni aralashtirib yubormasligimiz kerak”, dedi u.

Qolaversa, Germaniyaning amaldagi kansleri Olaf Shols ham Ukrainani qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Germaniya Tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok ham “Kiyevning tinchlik va xavfsizlikka intilishi bizning ishimiz”, deb qo‘shimcha qildi.

Kosaning dars ketganini sezgan Italiya Bosh vaziri Jorjiya Meloni AQSH, Yevropa va ularning ittifoqdoshlarini Ukrainadagi urush yuzasidan birlashishga chaqirdi.

“Biz shu yillar davomida birgalikda himoya qilgan Ukrainadan boshlab bugungi asosiy muammolarni qanday hal qilishimiz va kelajakda duch keladigan muammolar haqida ochiq suhbat qurishimiz uchun AQSH, Yevropa davlatlari va ittifoqchilar o‘rtasida zudlik bilan sammit zarur”, dedi Bosh vazir.

Qolaversa, Niderlandiya Bosh vaziri Dik Sxof X ijtimoiy tarmog‘ida Ukrainani avval ham qo‘llab-quvvatlagani va hozir ham shu pozitsiyada turganini aytib o‘tdi.

“Niderlandiya Ukrainani har doimgidek qattiq qo‘llab-quvvatlaydi. Hozir har qachongidan ham ko‘proq. Biz uzoq muddatli tinchlik va bosqinchilik urushi tugatilishini istaymiz”, degan vazir.

Ispaniya Bosh vaziri Pedro Sanches Oq uyda Zelenskiy va Trampning shov-shuvli uchrashuvi fonida Yevropa Ukrainadan yuz o‘girilmasligi kerakligini aytdi.

“Ukraina, biz siz bilanmiz”, deb yozgan u.

Shu bilan birga, Zelenskiy yo‘l olgan Buyuk Britaniyaning Bosh vaziri Kir Starmer Kiyevni “doimiy qo‘llab-quvvatlash”ga va’da berdi. U “Ukraina suvereniteti va xavfsizligiga asoslangan mustahkam tinchlikka erishish yo‘lini topish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solayotganini” aytdi.

Rossiyaning voqeaga yondashuvi

Rossiya vakillari ushbu uchrashuv haqida fikr bildirar ekan, albatta, Trampning harakatlarini oqladi. Ular ketma-ket Zelenskiy ustiga tanqidlar yog‘dira boshladi. Birinchilar qatorida Rossiya Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Mariya Zaxarova Vladimir Zelenskiyning Donald Tramp bilan Oq uydagi shov-shuvli uchrashuvidagi xatti-harakatlariga izoh berdi.

“Tramp juda qattiqqo‘l bo‘lishi mumkinligini aytdi, ammo u vaziyatni hal qilmoqchi. Menimcha, Zelenskiyning ahvoli, uning shaytoniy mohiyati hatto Oq uyning eng dahshatli umidlaridan ham oshib ketgan”, dedi u Kp.ru nashriga bergan intervyusida.

Senator Aleksey Pushkovning fikricha, “Zelenskiyning Oq uydagi shov-shuvli xatti-harakatlaridan so‘ng u Qo‘shma Shtatlarda jamoatchilik tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi deyarli mumkin emas”.

“Hech kim AQSH Prezidenti bilan jonli televideniyeda bunday gaplashmagan. Hatto Ukrainaning ashaddiy tarafdori bo‘lgan senator Lindsi Grem ham uni iste’foga chiqishga chaqirgan. Demak, Zelenskiy uchun bu fiasko bo‘ldi”, dedi Pushkov.

U, shuningdek, Vashington yevropaliklarning xatti-harakatlaridan xulosa chiqarishini qayd etdi.

“Tramp va Zelenskiy o‘rtasida ular Zelenskiyni tanladilar. Yevropaliklar – Bryusseldan Polshagacha”, deya ta’kidladi senator.

Trampni tanlamagan amerikaliklar

Yuta shtatidan saylangan senator Jon Kyortis Ukraina yetakchisi Vladimir Zelenskiy bilan ziddiyatda Prezident Donald Tramp va AQSH vitse-prezidenti Jeyms Devid Vensni qo‘llab-quvvatlamagan kam sonli respublikachilardan biri bo‘ldi. Senator siyosatchilar o‘rtasidagi kelishmovchilikdan so‘ng, X tarmog‘ida Ukrainani qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

“Bugun Oval kabinet eshigi oldida diplomatiya va davlat arbobi sinovdan o‘tgan ko‘rinadi. Ukraina erkin bozorlar, so‘z erkinligi va erkin odamlarga intilishda ittifoqchi – G‘arb qadriyatlari, bizning qadriyatlarimizga to‘g‘ri keladi.  Umid qilamanki, mamlakatlarimiz muzokaralar stoliga qaytib, adolatli va mustahkam tinchlik istiqbollarini ilgari sura oladi”, deb yozdi senator ijtimoiy tarmoqda.

Kyortisdan tashqari yana bir amerikalik siyosatchi, Vakillar palatasi a’zosi Brayan  Fitspatrik  ham Ukrainani qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. U ikki davlat vakillarining Oq uyda bo‘lib o‘tgan uchrashuvini “yurakni ezuvchi” deb atadi.

“Kuchli, suveren Ukraina davom etayotgan tajovuz sharoitida global barqarorlik uchun juda muhim. Uzoq tinchlikka faqat o‘zgarmas kuch orqali erishish mumkin”, dedi u.

Shunday qilib, dunyo sahnasida Ukraina va AQSH o‘rtasidagi ziddiyatlarning rivojlanishi “uyqudagilarni uyg‘otib yubordi”, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Bir kunlik uchrashuv tomonlarning yondashuvini ko‘rsatib berdi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Rossiya Evropa Donal'd Tramp Vladimir Zelenskiy Emmanuel' Makron Donal'd Tusk Ursula fon der Lyayen Oq uy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing