Tramp namoyishlardan so‘ng politsiya taqdiri haqida gapirdi
Olam
−
09 iyun 2020
9841Amerika Qo‘shma Shtatlari ma’murlari mamlakat politsiyasini tarqatib yubormaydi yoki ularning mablag‘larini kamaytirmaydi. Bu haqda AQSH Prezidenti Donald Tramp Oq uyda huquqni muhofaza qilish organlari vakillari bilan uchrashuv chog‘ida ma’lum qildi.
"Bizning ichki ishlar xodimlarimiz a’lo darajada. Ular bilan men faxrlanaman. Politsiyani moliyalashtirishdan mahrum qilish bo‘lmaydi. Politsiya tarqatilmaydi. Bizning politsiyamiz tinchlikda yashashimizga imkon beradi. Biz uning safida yomon xodimlar yo‘qligiga amin bo‘lishni istaymiz. Ba’zida siz dahshatli hodisalarni ko‘rasiz, yaqinda ko‘rganingizdek. Ammo politsiya xodimlarining 99 foizi yaxshi odamlardir" deydi Oq uy rahbari.
Ta’kidlanishicha, AQSHda 46 yoshli afroamerikalik Jorj Floydning Minneapolisda o‘limiga qarshi norozilik namoyishlari paytida politsiyani moliyalashtirishni qisqartirish haqidagi chaqiriqlar tez-tez eshitiladi.
Qayd etilishicha, kecha 8 iyun kuni AQSH Kongressi demokratlar mamlakatda ommaviy noroziliklarga javoban politsiyani keng miqyosda isloh qilishga qaratilgan qonun loyihasini taqdim etishdi. Ushbu tashabbus, xususan, huquq-tartibot idoralari xodimlariga asfiksiyalash usullarini qo‘llashni taqiqlaydi, politsiyaning qonunbuzarligini kuzatadigan milliy ma’lumotlar bazasini yaratadi. Shuningdek, ba’zi holatlarda politsiya xodimlariga ogohlantirishsiz fuqaroning uyiga kirishga ruxsat berishni taqiqlaydi. Taklif qilinayotgan islohot doirasida huquqni muhofaza qilish idoralari xodimlarining javobgarligi, shu jumladan gumon qilinuvchilarga nisbatan zo‘ravonlik va o‘zboshimchalik xatti-harakatlari uchun javobgarlik kuchaytirilishi ko‘zda tutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 25 may kuni Minneapolis politsiyasi afroamerikalik Jorj Floydni hibsga oldi. Qo‘lga olish paytida politsiyachi erkakning bo‘ynini tizzasi bilan bosib turdi. Floyd “men bo‘g‘ilyapman”, deb bir necha marta aytgan bo‘lsa ham huquq-tartibot idorasi xodimi bunga e’tibor bermagan. Oqibatda, erkak reanimatsiyada vafot etgan. Bu AQSHda ommaviy norozilik va tartibsizliklarni keltirib chiqardi.
Sud-tibbiy ekspertizasi Jorj Floyd boshqa yondosh kasalliklardan emas, aynan bo‘yin va yelkaning qattiq bosilishidan nafas ololmay o‘lganini ta’kidladi.
Amerika shaharlarida boshlangan taloto‘pda 11 kishi halok bo‘lgani aytildi. AQSHda boshlangan noroziliklar Fransiya, Gretsiya, qisman Buyuk Britaniya va Germaniyaga ham ta’sir qildi.
LiveBarchasi