Tramp muddatidan oldin prezidentlikdan ketadimi?
Olam
−
07 yanvar 2021
6818AQSH Kongressi Vakillar palatasidan 100 ga yaqin demokratlar amaldagi Prezident Donald Trampni yaqin kunlarda lavozimdan chetlatishni yoqlamoqda. Bu haqda NBC telekanali xabar qildi.
Ma’lum qilinishicha, kongressmenlar impichment yoki AQSH Konstitutsiyasiga kiritilgan 25-tuzatish bilan Trampni muddatidan oldin ishdan bo‘shatishni talab qilmoqda. 1967 yilda kuchga kirgan ushbu tuzatishga ko‘ra, agar amaldagi rahbar o‘z vazifalarini bajara olmasa, vitse-prezident davlat rahbari bo‘ladi. Buning uchun AQSH vitse-prezidenti Maykl Pensning roziligi kerak.
Telekanal ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu imkoniyat AQSH ma’muriyatining bir qator rasmiylari bilan muhokama qilingan, ammo Pensning o‘zi bilan emas.
Eslatib o‘tamiz, AQSHning saylangan Prezidenti Jozef Baydenning inauguratsiyasi joriy yilning 20 yanvar kuni bo‘lib o‘tadi.
Ma’lumot o‘rnida, kecha, 6 yanvar kuni Tramp tarafdorlari AQSH Kongressi binosiga bostirib kirib, 3 noyabr kuni mamlakatda bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylov natijalarini tasdiqlanishiga to‘sqinlik qilmoqchi bo‘ldi. Tez orada politsiya va maxsus kuchlar Kapitoliy tepaligidagi Kongress binosidan Trampni qo‘llab-quvvatlovchi namoyishchilarni chiqardi va kongressmenlar Baydenni saylangan Prezident sifatida tasdiqlash jarayonini muvaffaqiyatli yakunladi.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, tartibsizliklarda to‘rt kishi halok bo‘lgan va 50 dan ortiq namoyishchilar hibsga olingan.
LiveBarchasi