Kurs UZS

USD

12 929.37

-17.7

EUR

13 963.72

-69.61

RUB

152.87

-2.14

Tramp Meksika va Kanada tovarlariga boj yig‘imlarini yana to‘xtatdi

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp Kanada va Meksika tovarlariga nisbatan bojxona yig‘imlarini deyarli bir oyga kechiktirish to‘g‘risida qaror imzoladi. Ammo bu barcha tovarlarga taalluqli emas. Bu haqda CNN xabar berdi.

Telekanalga ko‘ra, ushbu qarorda AQSHga Kanada va Meksikadan keladigan USMCA erkin savdo kelishuvi doirasiga kiruvchi tovarlar haqida gap ketmoqda. USMCA – bu AQSH, Meksika va Kanada o‘rtasida Trampning birinchi prezidentlik davrida imzolangan kelishuv bo‘lib, u uchta Shimoliy Amerika mamlakatini erkin savdo hududiga aylantiradi.

Tramp oldinroq Meksikaning barcha tovarlarga nisbatan bojxona yig‘imlarini USMCA kelishuvi doirasida to‘xtatishini e’lon qilgan. Keyinroq esa imzolangan qarorga Kanada ham qo‘shilgan. Trampning o‘zi buni Meksika Prezidenti Klaudiya Sheynbaum bilan olib borgan suhbatidan keyin qabul qilganini tushuntirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu tovarlarga nisbatan bojxona yig‘imlari 2 apreldan kuchga kiradi.

Eslatib o‘tamiz, 1 fevral kuni AQSH Kanada, Xitoy va Meksika tovarlariga bojxona yig‘imlari joriy etilishi haqida e’lon qilgan edi. Kanada va Meksika tovarlariga 25 foiz, Xitoy tovarlariga esa 10 foiz bojxona yig‘imlari joriy etilishi ma’lum qilingandi.

Bunga javoban Kanada va Meksika qarshi bojxona yig‘imlari kiritilishi va energiya resurslari hamda muhim materiallar bilan bog‘liq choralarning qo‘llanilishi haqida e’lon qildi. Xitoy ham AQSHga qarshi Jahon savdo tashkilotiga murojaat qilishga va’da berdi.

Keyinchalik Meksika va Kanada Tramp bilan bir oyga, 3 martga qadar bojxona yig‘imlarini kechiktirish bo‘yicha kelishib olishgani ma’lum bo‘ldi.

Mart oyida esa tariflar kuchga kirdi. Bu safar AQSH Xitoy tovarlariga 10 foiz emas, 20 foizlik boj yig‘imi joriy qildi. Xitoy esa Donald Trampning boj tariflari siyosatiga javoban 10 martdan boshlab Amerika qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga qo‘shimcha 10-15 foiz boj joriy qiladi. Qo‘shimcha 15 foiz boj tovuq go‘shti, bug‘doy, makkajo‘xori va paxta mahsulotlariga tatbiq etiladi. Sorgo, soya dukkagi, cho‘chqa va mol go‘shti, baliq mahsulotlari, meva, sabzavot hamda sut mahsulotlariga esa 10 foizlik boj joriy qilinadi. Kanada ham 155 milliard Kanada dollari miqdoridagi Amerika tovarlariga 25 foizlik boj joriy qildi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Donal'd Tramp boj Meksika Kanada

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing