Xitoy Trampning boj siyosatiga javob qaytardi
Olam
−
04 mart 2025 15702 2 daqiqa
Xitoy AQSH Prezidenti Donald Trampning boj tariflari siyosatiga javoban 10 martdan boshlab Amerika qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga qo‘shimcha 10-15 foiz boj joriy qiladi. Bu haqda Xitoy Savdo vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, qo‘shimcha 15 foiz boj tovuq go‘shti, bug‘doy, makkajo‘xori va paxta mahsulotlariga tatbiq etiladi. Sorgo, soya dukkagi, cho‘chqa va mol go‘shti, baliq mahsulotlari, meva, sabzavot hamda sut mahsulotlariga esa 10 foizlik boj joriy qilinadi.
Shuningdek, Xitoy “mamlakat xavfsizligi va manfaatlarini himoya qilish maqsadida” AQSHning 15 ta kompaniyasini eksport nazorati ro‘yxatiga kiritdi.
Savdo vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, ushbu ro‘yxatga kiritilgan sub’ektlar Xitoyning milliy xavfsizligi va manfaatlariga tahdid solmoqda. Shuning uchun ushbu kompaniyalarga ikki tomonlama foydalanish mumkin bo‘lgan mahsulotlarning Xitoy yetkazib beruvchilari tomonidan sotilishi taqiqlanadi.
Sanksiyalar ro‘yxatiga quyidagi kompaniyalar kiritildi – Leidos, Gibbs&Cox, IP Video Market Info, Sourcemap, Skydio, Rapid Flight, Red Six Solutions, Shield AI, HavocAI, Neros Technologies, Group W, Aerkomm, General Atomics Aeronautical Systems, General Dynamics Land Systems va Aero Vironment.
Bundan tashqari, yana 10 ta Amerika kompaniyasi “ishonchsiz tashkilotlar” ro‘yxatiga qo‘shildi. Xitoy hukumati ushbu cheklovlarni “milliy suverenitet, xavfsizlik va rivojlanish manfaatlarini himoya qilish” maqsadida kengaytirganini bildirgan.
Ushbu cheklovlar quyidagi kompaniyalarga ta’sir qiladi – TCOM, Stick Rudder Enterprises, Teledyne Brown Engineering, Huntington Ingalls Industries, S3 AeroDefense, Cubic Corporation, TextO, ACT1 Federal, Exovera va Planate Management Group.
Ushbu kompaniyalarga Xitoyda biznes yuritish, yangi investitsiyalar kiritish taqiqlanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Donald Tramp Xitoydan import qilinadigan tovarlarga bojxona tariflarini 10 foizdan 20 foizga oshirgani xabar qilingandi. Tramp bunga sabab sifatida Pekinning Qo‘shma Shtatlardagi narkotrafik muammosiga qarshi kurashda yetarli chora-tadbirlar ko‘rmaganini ko‘rsatmoqda.
Live
Barchasi