Tramp Kellogdan Rossiya bilan muzokara o‘tkazish vazifasini olib tashladi
Olam
−
16 mart
6520AQSH Prezidenti Donald Tramp o‘zining maxsus vakili Kit Kelloggdan Ukrainadagi urushni tugatish bo‘yicha Rossiya bilan muzokaralar olib borish vazifasini olib tashladi va uni faqat Kiyev bilan aloqalar bo‘yicha mas’ul qilib qoldirdi. Bu haqda Tramp kecha, 15 mart kuni Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida yozdi.
“Kit Kellogg Ukraina bo‘yicha maxsus elchi etib tayinlanganini ma’lum qilishdan mamnunman. Taniqli harbiy ekspert general Kellogg Prezident Zelenskiy va Ukraina rahbariyati bilan bevosita aloqada bo‘ladi. U ularni yaxshi biladi va ular juda yaxshi aloqalarga ega”, deb ta’kidladi Oq uy rahbari.
Trampning postida 2024 yil noyabrida prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozonganidan so‘ng uning o‘zi Kelloggni Rossiya va Ukraina bo‘yicha maxsus vakil etib tayinlagani va unga har ikki tomon bilan urushni tugatish bo‘yicha muzokaralar olib borish vazifasi yuklangani aytilmagan. Biroq so‘nggi kunlarda bir qator ommaviy axborot vositalari, jumladan, NBC News telekanali Tramp uni Ukraina tarafdori pozitsiyasi tufayli Moskva bosimi ostida muzokaralardan chetlashtirgani haqida xabar tarqatdi.
Haqiqatan ham, 80 yoshli Kit Kellogg bu hafta Saudiya Arabistoni va Rossiyada bo‘lib o‘tgan urushni tugatish bo‘yicha muhim muzokaralarda ishtirok etmadi. Ularni AQSH Prezidentining Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus vakili Stiv Uitkoff olib bordi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyatining yuqori martabali amaldorlari Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy va uning jamoasi bilan Oq uyda o‘zaro to‘qnash kelganidan so‘ng maxfiy muzokaralar o‘tkazgani haqida xabar berilgandi. Muloqotlarda ishtirok etgan amerikalik rasmiylar orasida AQSHning Ukraina bo‘yicha maxsus vakili Kit Kellogg ham bor.
LiveBarchasi