Zelenskiy tinchlik muzokaralari uchun delegatsiya tarkibini tasdiqladi
Olam
−
15 mart
7352Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy tinchlik muzokaralari uchun Ukraina delegatsiyasi tarkibini tasdiqladi. Tegishli farmoyish bugun, 15 mart kuni davlat rahbarining rasmiy saytida e’lon qilindi.
Uning matniga ko‘ra, muzokaralar guruhiga Ukraina Prezidenti devoni rahbari Andrey Yermak, uning o‘rinbosari Pavlo Palisa, Ukraina Tashqi ishlar vazirligi rahbari Andrey Sibiga va Ukraina Mudofaa vaziri Rustam Umarov kiritilgan. 11 mart kuni Saudiya Arabistonining Jidda shahrida AQSH delegatsiyasi bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralarda aynan shu Ukraina vakillari ishtirok etgan.
Buyruqda qayd etilishicha, Ukraina delegatsiyasiga Yermak boshchilik qiladi. Unga Ukraina Tashqi ishlar vazirligi bilan kelishilgan holda muzokaralar guruhi tarkibiga o‘zgartirishlar kiritish va uning ishiga hukumat vakillari, ekspertlar va ilmiy maslahatchilarni jalb qilish vakolati beriladi.
Jiddadagi muzokaralarda Ukraina AQSHning 30 kunlik vaqtinchalik o‘t ochishni to‘xtatish haqidagi taklifiga rozi bo‘ldi, biroq Rossiya hamon bunga rozilik bermayapti.
“Reuters”ning rossiyalik manbalarga tayanib yozishicha, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin hech qanday aniq kafolatlar va va’dalarsiz bunday qadamga rozi bo‘lishi dargumon.
Ukraina Tashqi ishlar vaziri Sibiga kecha, 14 mart kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Ukraina ehtimoliy o‘t ochishni to‘xtatish rejimini kuzatish bo‘yicha tegishli “algoritmlar”ni ishlab chiqish bo‘yicha guruh tuzishga kirishganini ma’lum qildi.
“Biz allaqachon mumkin bo‘lgan sulhni to‘g‘ri nazorat qilish uchun tegishli harakatlar algoritmlarini ishlab chiqadigan milliy jamoani shakllantirishni boshladik. Bu juda murakkab jarayon”, dedi u.
O‘z navbatida, AQSH Prezidenti Donald Tramp o‘sha kuni o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida Vladimir Putin bilan “yaxshi va samarali” muzokaralar o‘tganini ma’lum qildi va Ukrainadagi urushning tugashiga umid bildirdi.
LiveBarchasi
Trenddagilar

