Tramp Baydenni “Isroilni qo‘llab-quvvatlamaganlik”da aybladi

Olam

image

AQSHning sobiq Prezidenti Donald Trampga ko‘ra, Amerikaning hozirgi rahbari Jo Baydenning "ojizligi" va Quddusni kerakli darajada qo‘llab-quvvatlamagani Isroilda vaziyatning keskinlashishiga olib keldi. Bu haqda u o‘zining yangi saytida yozgan. 

"Men ushbu lavozimni egallagan davrimda, Isroilning raqiblari AQSH qat’iy ravishda Isroil tomonida ekanligini va Isroilga hujum uyushtirilgan taqdirda tezkor javob choralari ko‘rilishini bilar edi", degan Tramp. 

"Bayden davrida dunyo yanada shafqatsiz va beqaror bo‘lib bormoqda, chunki Baydenning zaifligi va Isroilni qo‘llab-quvvatlamasligi bizning ittifoqchilarimizga qarshi yangi hujumlarga olib keladi", degan sobiq Prezident. 

Uning fikriga ko‘ra, Amerika har doim Isroil tomonida bo‘lishi kerak. Shuningdek, AQSH har doim Isroilning o‘zini himoya qilish huquqini qat’iy qo‘llab-quvvatlashini ta’kidlashi shart.

Quddusdagi vaziyatning keskinlashishi

7 may – Ramazon oyining oxirgi Juma kuni, Quddusdagi Al-Aqso masjidi atrofida tartibsizliklar boshlandi. Bunga Isroil politsiyasi tomonidan falastinliklar taroveh namozini o‘qiyotgan ushbu masjidga hujum qilgani sabab bo‘ldi. Bundan tashqari, Isroil sudi Shayx Jarroh mahallasida yashovchi arab oilalarini ko‘chirish to‘g‘risida qaror chiqargan. Chunki bu yerlarga yahudiylar da’vo qilib keladi.

Qizil yarim oy jamiyatining ma’lumotlariga ko‘ra, Isroil politsiyasining zo‘ravonliklari oqibatida 700 dan ortiq kishi jarohatlangan, shundan 333 nafari shifoxonaga yotqizilgan.

Shundan so‘ng, Falastinning HAMAS harakati Isroilni ogohlantirgan: Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidi va Shayx Jarroh mahallasidan askarlarni olib chiqib ketish uchun mahalliy vaqt bilan soat 18:00 gacha muddat qo‘ydi.

Shart bajarilmagach 10 may kuni HAMAS harakati Isroilning bir qator shaharlarini 45 ta raketa bilan o‘qqa tutdi. Biroq Isroilning havo hujumiga qarshi “Temir gumbaz” mudofaa tizimi ushbu 45 raketaning katta qismini osmonning o‘zida zararsizlantirdi. Ba’zilari esa aholi yashash punktiga tushdi. 

Bunga javoban Isroil tomoni darhol 130 ta raketa bilan HAMAS harakati joylashgan G‘azo sektorini o‘qqa tutdi. Oqibatda esa 22 falastinlik, shu jumladan 9 bola halok bo‘ldi.

11 may kuni Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu G‘azo sektoriga zarbalar kuchi va chastotasini ko‘paytirish niyatida ekanini e’lon qildi

Xalqaro hamjamiyatning reaksiyasi

Xalqaro hamjamiyat Quddusdagi voqealarga tezda munosabat bildirdi. BMT Xavfsizlik Kengashi 10 may kuni Falastindagi mojarolarga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi, ammo yakunda hech qanday bayonot qabul qilinmadi.

Checheniston rahbari Ramzan Qodirov esa Isroil rasmiylarining Sharqiy Quddusdagi harbiy amaliyotini “qonunbuzarlik” deb atab, ular sodir bo‘lgan voqea uchun falastinliklardan kechirim so‘rashi kerakligini ta’kidladi.

Qator musulmon davlatlar umumiy ravishda Isroil xalqaro huquq normalarini buzayotganini aytib, norozilik bildirdi. Ularning orasida Iordaniya, Pokiston, Saudiya Arabistoni, Misr, Qatar, Bahrayn va BAA bor.

O‘z navbatida, Isroil Bosh vaziri dunyo OAVni voqealar rivojini noto‘g‘ri talqin qilganlikda ayblab, mamlakat politsiyasining zo‘ravonliklarini qo‘llab-quvvatlagan edi.

Bundan tashqari Isroil rasmiylari mojarolar boshlanishi bilan “tutingan akasi” AQSHdan vaziyatga aralashmaslik va xalqaro bosim o‘tkazmaslikni so‘radi. Vashington esa har ikki tomonni ham vaziyatda aybdor deb, mojaroni tugatishga chaqirdi. Yevropa Ittifoqi e’tiborini falastinliklarning noqonuniy ko‘chirilishiga qaratdi.

Qolaversa, 11 may kuni Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an qator musulmon davlatlar rahbarlari bilan Isroilning zo‘ravonliklarini muhokama qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Tramp Bayden

Baholaganlar

117

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing