Tojikiston ham Yevropada Qur’on yoqilishiga munosabat bildirdi
Olam
−
28 iyul 2023
5593Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi Shvetsiya va Daniyada Qur’onni tahqirlash bilan bog‘liq harakatlarni dunyo musulmonlari uchun haqoratomuz, deb atadi. Bu haqda Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi saytidagi xabarda aytildi.
“Muqaddas Qur’oni Karimning tahqirlanishi butun dunyo musulmonlarining tuyg‘ularini haqorat qilish bo‘lib, jamiyatda dinlararo nizolarni keltirib chiqaradi”, deyiladi xabarda.
TIVga ko‘ra, Dushanbe bardoshsizlik, ekstremizm va terrorizm, dushmanlik, urush va mojarolarning har qanday ko‘rinishini qoralaydi.
“Tojikiston sivilizatsiyalarning konstruktiv muloqoti tarafdori”, deya ta’kidlaydi Tashqi ishlar vazirligi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 28 iyun kuni Shvetsiyada politsiyasining ruxsati bilan aksiya o‘tkazilgan va unda Iroqdan kelgan 37 yoshli muhojir Salvan Momika Qur’on sahifalarini yirtib tashlab, uni yoqib yuborgandi. Bu harakat ko‘pchilik tomonidan, xususan, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ham qoralandi. Salvan Momika esa 20 iyul kuni yana Stokgolm politsiyasining ruxsati bilan Iroq elchixonasi yaqinida aksiya o‘tqazdi va musulmonlarning muqaddas kitobi Qur’on nusxasini tepdi. Keyinchalik Daniya poytaxti Kopengagendagi Iroq elchixonasi oldida ham o‘ta millatchi “Daniyalik vatanparvarlar” guruhi vakillari miting o‘tkazib, Qur’on kitobini yoqib yubordi. Keyinchalik Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev ham Qur’on tahqirlanishini qoraladi.
LiveBarchasi