Tojik-qirg‘iz mojarosi: Rahmon va Japarov telefonda gaplashib, nimaga kelishdi?
Olam
−
30 aprel 2021
12379Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov bugun, 30 aprel kuni Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon bilan telefon orqali suhbat o‘tkazdi. Bu haqda Qirg‘iziston Prezidenti Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, davlat rahbarlari ikki mamlakat chegarasida yuzaga kelgan mojaroli vaziyatni faqat tinch yo‘l bilan hal qilishga va may oyining ikkinchi yarmida Dushanbeda yuzma-yuz uchrashuv o‘tkazishga kelishib olgan.
Ikki hukumat delegatsiyalarining qirg‘iz-tojik davlat chegarasini delimitatsiya va demarkatsiya qilish bo‘yicha muzokaralari ertaga, 1 may kuni Qirg‘iziston Respublikasining Botken viloyatida bo‘lib o‘tadi.
Sadir Japarovning ta’kidlashicha, qirg‘iz tomoni davlatlararo muammoni dialog orqali hal qilish va mamlakat chegarasining qirg‘iz-tojik qismida barqaror vaziyatni saqlashga qaror qilgan.
Suhbatda Japarov Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlik bundan keyin ham an’anaviy va ko‘p asrlik do‘stlik hamda yaxshi qo‘shnichilik asosida izchil, samarali rivojlanib borishiga ishonch bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, bugunning o‘zida Tojikiston Prezidenti O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan ham telefon orqali muloqotda bo‘lib, tojik-qirg‘iz chegarasida yuz bergan mojaroni muhokama qilgan.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, mojaro oqibatida Qirg‘iziston tarafidan 31 kishi halok bo‘lgan va 130 dan ortiq kishi yaralangan. Shuningdek, Qirg‘iziston chegaraga yaqin hududda yashovchi 20 mingdan ortiq aholisini evakuatsiya qilgan. Rasmiy Dushanbe esa sakkiz kishi halok bo‘lgani va 31 kishi yaralangani haqida xabar bermoqda.
Qirg‘iz-tojik chegarasidagi mojaro
Joriy yilning 17 aprel kuni Tojikiston va Qirg‘izistonning chegaradosh qishloqlari aholisi o‘rtasida janjal yuz berdi. Bunga Qirg‘iziston tomoni Tojikiston bilan kelishmasdan ikki davlat uchun umumiy bo‘lgan asosiy suv taqsimlash inshooti – “Golovnaya” oldida ko‘prik qurish harakatini boshlagani sabab bo‘ldi.
Shundan so‘ng, Tojikiston tomoni “Golovnaya” suv taqsimlash punkti yonidagi elektr ustuniga videokameralar o‘rnatishni boshlagan. Bundan norozi bo‘lgan qirg‘izlar kameralarni olib tashlashni so‘ragan. Shu bilan 28 aprel kuni ikki tomon o‘rtasida dastlab, og‘zaki haqorat va aytishuvlar so‘ngra, bir-biriga tosh otish boshlangan.
Keyinchalik mojaroga ikki tomon chegara qo‘shinlarining aralashuvi oqibatida toshbo‘ron otishmaga aylanib ketdi. Vaziyatning keskinlashishi ortidan ikki mamlakat chegara tomon qo‘shimcha harbiy bo‘linmalar yubordi.
Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov 29 aprel kuni Qirg‘iziston hukumati a’zolari bilan Botken viloyatidagi davlat chegarasining qirg‘iz-tojik qismidagi vaziyat bo‘yicha tezkor yig‘ilish o‘tkazdi. Bishkekda esa botkenliklarni qo‘llab-quvvatlash uchun namoyish boshlandi.
O‘z navbatida, O‘zbekiston ikki qo‘shni respublika chegarasidagi mojaroga munosabat bildirib, tomonlarni to‘qnashuvlarni darhol tugatish, vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha qo‘shma choralarni ko‘rish va ziddiyatlarning yanada oshishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan harakatlardan tiyilishga chaqirdi.
29 aprel kunining birinchi qismida boshlangan ikki o‘rtadagi otishma tomonlarning sa’y-harakatlari bilan kunning oxirida to‘xtatildi.
Biroq, 29 aprel kuni tuzilgan o‘q uzishni to‘xtatish to‘g‘risidagi sulh uzoqqa bormadi. Ertasi kuni, ya’ni 30 aprelda yana harbiy harakatlar boshlangani haqida xabarlar paydo bo‘la boshladi.
LiveBarchasi