Toshkentda ijara uylari narxi yana ko‘tariladi
Jamiyat
−
30 avgust
7182Sentyabr yaqinlashmoqda. Talabalar Toshkentga qaytadi. Xo‘sh, endi ijara narxlarida qanday o‘zgarish bo‘lishi kutilmoqda? Ijara uylari narxi keskin oshib ketmaydimi? QALAMPIR.UZ mazkur savollar bilan uy savdogarlariga yuzlandi.
30 yildan beri riyeltorlik bilan shug‘ullanib keluvchi Mahmuda Abrorovaning aytishicha, poytaxtdagi uylarning ijara narxi sentyabr kelmasidanoq oshishni boshlagan. Bunga asosiy sabab esa elektr energiyasi bo‘yicha joriy qilingan 200 kVt/soatlik ijtimoiy normadir.
“Ijara narxlari har yili shu vaqtda oshadi. Bu yil soliqlar qimmatlashdi va uy egalari ijara narxini oshirdi. Shu sababli ota-onalar o‘z farzandlarini vaziyatga moslab jo‘natishlari kerak”, dedi u.
Uning aniqlik kiritishicha, ayni paytda poytaxtda 1 xonali sharoiti yo‘q xonadonlar narxi 3 mln – 3 mln 600 ming so‘m (250-300 dollar). Agar mebellari va kerakli texnikalari bor bo‘lsa, narx 4,5 – 5 mln ga (350-400 dollar) ko‘tariladi. 2-3 xonali uylar narxi esa 6 mln – 7 mln so‘mni (500-600 dollar) tashkil qiladi.
Bu narx talabalar uchun qimmatlik qilmaydimi? Muxbirimiz hali sentyabr kelmasidan ijara uyi izlash uchun Toshkentdagi uy bozoriga kelgan talabalarga mikrofon tutdi.
“Bu narxlar biz uchun ancha qimmat. O‘zi narxlar ko‘tarilmasidan uy topish uchun oldinroq kelgandik. Baribir narxlar baland. Hozir shuncha bo‘lsa, ertaga yana oshib ketsa kerak. Talababop uylardan sira topolmayapmiz. Kamiga uy egalari kommunal to‘lovlarni ham talabalarning bo‘yniga ilmoqda. Bu yana qo‘shimcha xarajat degani. O‘zi stipendiyamiz 500 ming so‘m”, dedi u.
Ijara uyi izlab yurgan boshqa bir yigitning aytishicha, uylarning ijarasi balandligiga yarasha ularning sharoiti talabga javob bermaydi.
“Beriladigan narxga nisbatan sifatlari juda past. Agar shu uyni oilaga bersa, sharoitlarini ancha to‘g‘rilab beradi. Lekin talaba yoki yigitlar uy olmoqchi bo‘lsa, unday emas. Masalan, men hamma sharoiti bor uy uchun 500-600 dollar bo‘lsa ham berishga tayyorman. Ammo shu pulga arziydigan uy topolmayapman. Aslida esa men bermoqchi bo‘lgan pul bozor narxidan ancha baland”, dedi ijara uyi izlayotganlardan biri.
Uzoq yillik tajribaga ega riyeltorlarning ma’lum qilishicha, ijara narxlarining oshishiga bir qancha sabablar bor. Avvalo, sentyabr oyi kelishi bilan uy egalari sun’iy ravishda ijara to‘lovlarini oshirishni boshlaydi. Ijara uylariga talab ortayotganidan foydalanib qoladiganlar esa talaygina.
“Uy egalari sentyabr oyi talabalar qaytadi deyishadi-da, sun’iy ravishda narxlarni ko‘tarib oladi. Lekin talabaga sira ham uyini bermaydi. Yoki oilaga beramiz deyishadi-da, bolasi bo‘lmasin deb shart qo‘yadi”, dedi boshqa bir uy savdogari.
“Men o‘zim shaxsan guvoh bo‘ldim – ustozlarning o‘zlari kelishdi. Uch-to‘rtta arzon kvartiralarni ijaraga olishar ekan. O‘z talabalarini o‘zlari ijaraga qo‘yishadi va foyda ko‘rishadi”, dedi yana bir riyeltor.
O‘zbekiston hukumati talabalarning ijara muammosini hal qilish uchun bir qancha yengilliklarni amaliyotga tatbiq etgan. Ya’ni talaba o‘zi ijaraga turadigan xonadon egasi bilan ijara shartnomasini tuzadigan bo‘lsa, to‘lovning 300 ming so‘mgacha bo‘lgan qismi davlat tomonidan qoplanadi va bunda xonadon egalaridan soliq undirilmaydi.
Ammo tajribali riyeltorlar va talabalarning aytishicha, ijara shartnomalarini tuzishda ham muammolar yo‘q emas. Bunda ayrim uy egalari talabalardan ijara shartnomasi uchun ham alohida pul oladi.
Shu sababli ular hukumatning talabalarning ijara muammosini hal qilishda talabalar turarjoylarini ko‘paytirishdan boshqa chorasi yo‘qligini aytmoqda. Chunki ijara uylarining narxi muttasil ravishda o‘sib boraveradi va talabalar uchun ham sharoitlar yomonlashishi mumkin.
“Farzandlarimiz qo‘llarida sumkalari, ko‘rpa-to‘shaklari bilan uy bozoriga kirib kelishadi – imkoni yo‘q. Ba’zilari shu yerda sumkasini qo‘yib, qayerga borishini ham bilolmay turadi. Ularga yaxshi talabalar turarjoylari qurib berishsin. Bunday sarson bo‘lmasin. Shuni iltimos qilib so‘rayman”, dedi Mahmuda Abrorova.
Hulkar Murtazoyeva