“Beruniy”da nima bo‘lyapti yoxud yaxshi yashash uchun ovoz jangi
Jamiyat
−
20 mart
8035“Open Budget” bo‘yicha ovoz berish jarayonlari yakunlanishiga atigi bir kun qoldi.
Toshkentning Olmazor tumani “Beruniy” metro bekati atrofida esa turli viloyatlardan kelgan tumonat odam o‘z mahallasidagi muammolarni hal etish maqsadida ovoz uchun kurashyapti. Narx 100 ming so‘mgacha. Ular orasida ovoz uchun hatto o‘z mashinasini tikkanlar ham bor.
“Jizzax viloyati G‘allaorol tumanidan kelganmiz. Qishlog‘imizning yo‘llari men tug‘ilganimdan buyon ta’mir, asfalt ko‘rmagan. Bu bizning yagona imkoniyatimiz. Bir ovozning narxi 25-50 ming so‘m. Buning uchun qishlog‘imiz ahli 500 million pul yig‘dik”, dedi ovoz yig‘ish uchun kelganlardan biri.
“Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanidan keldik. Hozircha 11 ming ovoz yig‘dik. Xudo xohlasa, yutamiz”, dedi boshqa bir ovoz yig‘uvchi.
Ammo chekka qishloqning uzoq yillik muammolari bilan birga yashagan va undan bezigan odamlari aslida bu muammolarni davlatning o‘zi hal qilib berishi kerakligini aytmoqda.
“Aslida bular davlat qilib berishi kerak bo‘lgan yo‘llar. Mol-mulk solig‘i yoki boshqa soliqlarni, masalan, yo‘lda radarga tushsangiz, tezda undirib olishni bilishadi. Lekin nima uchun infratuzilmani vaqtida joyiga qo‘yib qo‘yishmaydi? Axir biz soliq to‘lovchilarmiz-ku”, demoqda ulardan biri.
Shuningdek, turli viloyatlardan ovoz yig‘ish va mahallasining muammosini hal etish uchun kelgan odamlar o‘z tumani, viloyatining hokimini tanimasligi, ular xalq holidan xabar olmasligi, kelmasligidan e’tiroz bildirdi.
“Biron tadbir qilib, xalqni yig‘ib, mana men sizning hokimingizman. Nima muammoingiz bor? Men hal qilaman, deydigan odam yo‘q”, dedi qashqadaryolik yigit.
LiveBarchasi
Trenddagilar



