Mirziyoyev Bektemirdagi bog‘da ko‘chat ekdi

Jamiyat

image

Bugun, 20 mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrining Bektemir tumanida asos solingan bog‘ga davlat tashkilotlari va jamoatchilik vakillari bilan birga ko‘chat ekdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, Iykota, Majnuntol, Zilola, Rohat va Iqbol mahallalari orasidagi bu hudud avval qarovsiz joy bo‘lgan. Elning birligi bilan yana bir yashil makon, aholi hordiq chiqaradigan park paydo bo‘lmoqda. Uch gektarlik hududga o‘rmon konsepsiyasi asosida uch ming tup daraxt va buta ko‘chatlari ekilgan. Ularning sug‘orilishi va parvarishiga mas’ullar biriktirilgan.

Mahalla faollari, nuroniylar va yoshlar bilan samimiy muloqot bo‘lgan. Davlat rahbari jamoatchilik vakillariga ushbu xayrli tashabbusga hissa qo‘shayotgani uchun minnatdorlik bildirgan.  Barchani kirib kelayotgan Navro‘z bayrami bilan tabriklagan.

“Prezident farmoyishi bilan e’lon qilingan dolzarb bir oylik doirasida mahallalarda dehqonchilik va obodonlashtirish ishlari safarbarlik bilan olib borilmoqda.

Bahorda 125 million tup ko‘chat ekilishi mo‘ljallangan. Bunda ekin joylarini to‘g‘ri tanlash, sug‘orishni yaxshilashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Yangi bog‘da ekilgan ko‘chatlar ana shu ezgu amalning davomi bo‘ldi”, deyiladi xabarda.

Bildirilishicha, “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yili davlat dasturiga muvofiq, bu yil ko‘chatchilikka ixtisoslashgan 18 ta o‘rmon xo‘jaligi tashkil qilinadi. Ularda “ilm-loyiha-amaliyot” tamoyili asosida genetik seleksiya ishlari kuchaytirilib, plantatsiyalar kengaytiriladi. “Yashil olam” platformasi ishga tushirilib, ko‘chatlarni onlayn sotib olish yo‘lga qo‘yiladi.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent Shavkat Mirziyoev Bektemir ko'chat

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing