Toshkent-Nukus o‘rtasidagi aviaqatnovlar vaqti bir oyga o‘zgartirildi
Jamiyat
−
04 iyul 2022
5211Bugun, 4 iyuldan joriy yilning 2 avgustiga qadar Toshkent-Nukus-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha aviaqatnovlar yangi jadval bo‘yicha amalga oshiriladi. Bu haqda “Uzbekistan Airways” AJ Matbuot xizmati ma’lum qildi.
“4 iyuldan 2 avgustga qadar Toshkent-Nukus-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha HY017/018 aviaqatnovlari yangi jadval bo‘yicha amalga oshirilishini ma’lum qilamiz”, deyiladi xabarda.
Yangi jadvalga ko‘ra, samolyotlar quyidagi vaqtlarda harakatlanadi:
• Toshkentdan jo‘nab ketish: 16:20 (20:00 o‘rniga);
• Nukusga yetib borish: 18:00 (21:40 o‘rniga);
• Nukusdan jo‘nab ketish: 18:50 (22:30 o‘rniga);
• Toshkentga yetib borish: 20:10 (23:50 o‘rniga).
Ma’lumot uchun, Qoraqalpog‘istonda favqulodda holat joriy etilishi va Prezident farmoni ijrosini taminlash maqsadida “Nukus” aeroporti faoliyati komendantlik soatlarida vaqtinchalik soat 21:00 dan 07:00 gacha cheklanadi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 1 iyul kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahrida ayrim fuqarolar O‘zbekiston Respublikasida amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarni noto‘g‘ri talqin qilib, kutilmaganda namoyishlar uyushtirdi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi holatni Nukusda davlat boshqaruvi organlarini egallashga urinish deb baholadi.
Shundan so‘ng, 2 iyul kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonga yetib bordi va qoraqalpoq xalqi bilan muloqot qildi.
Shuningdek, Prezident Konstitutsiyaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish muhokamasi hali davom etayotganini inobatga olib hamda Qoraqalpog‘iston aholisi bildirayotgan fikr va mulohazalarni o‘rgangan holda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 70, 71, 72, 74, 75-moddalarini amaldagi tahrirda o‘zgarishsiz qoldirish zarurligini ma’lum qildi.
Bugun, 4 iyul kuni O‘zbekiston Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Konstitutsiyadagi Qoraqalpog‘istonga oid moddalar o‘zgartirilmasligi haqida qaror qabul qildi.
LiveBarchasi