“Tolibon” bo‘ysunmas Panjsherni qamal qildi
Olam
−
23 avgust 2021
30187“Tolibon” harakati Afg‘onistonning Panjsher viloyatida joylashgan qarshilik kuchlarini qamal qildi. Bu haqda harakat vakili Zabihulloh Mujohid Twitter sahifasida ma’lum qildi.
“Tolibon” kuchlari Panjsherni Badaxshon, Taxor va Andarab viloyatlari tomonida o‘rab oldi. Dushman (qarshilik kuchlari — tahr.) qamalda. Biz muammoni muzokara yo‘li bilan hal qilishga harakat qilyapmiz”, deya yozdi harakat vakili.
Shuningdek, Mujohid “Tolibon” Baglan viloyatida avval qarshilik kuchlari bosib olgan hududni egallashga muvaffaq bo‘lganini qayd etgan.
O‘z navbatida, Panjsherdagi toliblarning muxoliflari o‘zlarining ijtimoiy tarmoqlardagi akkauntlari orqali qarshilik ko‘rsatish va radikallarga qarshi kurashishga tayyorligini bildirmoqda. Xabarlarga ko‘ra, Panjsherdagi qarshilik kuchlari tarkibida bir necha minggacha jangchilar, jumladan, hukumat qo‘shinlarining ba’zi muntazam bo‘linmalari bor.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 22 avgust kuni “Tolibon” Afg‘oniston sharqidagi Panjsher viloyatini egallash uchun yuzlab jangchilarini yuborayotganini e’lon qildi. Bundan avvalroq, toliblar ushbu viloyatga taslim bo‘lishi uchun 4 soat vaqt bergan edi.
Biroq, Panjsherdagi kuchlarga rahbarlik qilayotgan Ahmad Mas’ud ushbu viloyat vaqtida SSSRga qarshi kurashgani, endilikda “Tolibon”ga ham qarshilik ko‘rsata olishini aytgan. Shuningdek, Ahmad Mas’ud o‘z javobida toliblar bilan nafaqat Panjsher uchun, balki butun Afg‘oniston uchun kurashishini aytgan.
Panjsher — “Tolibon”ga bo‘ysunmagan yagona viloyat
Ushbu viloyat Afg‘onistoning sharqida joylashgan bo‘lib, u yerda taxminan 150 ming aholi yashaydi. Qayd etish kerakki, viloyatning 98 foiz aholisi etnik tojiklardan tashkil topgan. Panjsherda “Tolibon”ga qarshi kuchlar to‘planayotgani ham aytilmoqda va hozirda ushbu provinsiya toliblarga qarshilik ko‘rsatish markazi bo‘lishi taxmin qilinyapti.
Bu yerda Afg‘onistonning bir qator nufuzli siyosiy figuralari jamlangan: mamlakatning 1992-1996 yillardagi Mudofaa vaziri, mashhur “dala qo‘mondoni” Ahmad Shoh Mas’udning o‘g‘li Ahmad Mas’ud, birinchi vitse-prezident Amrulloh Solih, Marshal Abdul-Rashid Do‘stum hamda uning o‘g‘li Yormuhammad Do‘stum. Panjsherda allaqachon "Shimoliy alyans" bayrog‘i ko‘tarilgan.
"Tolibon" pozitsiyalariga qarshi hujumga o‘tgan qarshilik kuchlari bir qancha tumanlarni egallashga ham muvaffaq bo‘ldi.
20 yil deganda Afg‘onistonni tark etayotgan AQSH
2001 yili Nyu-Yorkda terakt (terrorchilik harakati) amalga oshirildi. Shundan so‘ng, AQSH va u a’zo bo‘lgan NATO kuchlari Afg‘onistonga qo‘shin kiritdi. Shu bilan Amerika tarixida eng uzoq davom etgan 20 yillik afg‘on urushi boshlandi. Kichik Jorj Bush, Barak Obama va Donald Tramp kabi AQSH Prezidentlari ushbu urushni yakunlay olmadi. Faqat Prezident Bayden davriga kelib Afg‘onistondan mamlakat qo‘shinlarini olib chiqib ketish boshlandi. Bu jarayon joriy yilning 31 avgust kuni yakunlanadi.
Afg‘onistondagi davlat to‘ntarishi
Afg‘onistonni bir yirik kuch tark etishi ortidan boshqa bir kuch — “Tolibon” mamlakat hududlarini egallay boshladi. Qayd etish kerakki, AQSH qo‘shinlarining Afg‘onistonni tark etishi oxiriga yetmay turib, “Tolibon” mamlakat poytaxtini egalladi. 15 avgust kuni Afg‘oniston Islom Respublikasini qulatgan toliblar 19 avgust kuni Afg‘oniston Islom Amirligi tuzilganini e’lon qildi.
LiveBarchasi