“Tolibon” ayollarga qay holatda o‘qish va ishlash imkoniyatini berishi ma’lum bo‘ldi 

Olam

image

Afg‘onistonda hijobli ayollar o‘qish va ishlash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu haqda “Tolibon” harakati Matbuot kotibi Suhayl Shohin ma’lum qildi. 

Shohinga ko‘ra, AQSH mamlakat madaniyatini o‘zgartirishga urinmasligi kerak. 

“Ayollarning huquqlari hurmat qilinadi. Ularda ta’lim yoki ish bilan bog‘liq muammolar bo‘lmaydi. Lekin biz (Afg‘oniston va AQSH — tahr.) bir-birimizning madaniyatimizni o‘zgartirishga urinmasligimiz kerak. Sizning so‘zlaringizga ko‘ra, hijobsiz ayollar ta’lim olishlari kerak — bu madaniyatni o‘zgartirishga urinish. Bu sizning madaniyatingizda ruxsat berilgan. Bizning madaniyatimizda ular (ayollar — tahr.) hijob kiygan holda ta’lim olishi, ishlashi mumkin”, degan Shohin. 

Bundan avval “Tolibon” harakatining yuqori martabali vakili Vohidulla Hoshimiy ayollar uchun majburiy kiyinish masalasini islom ilohiyotchilari kengashi hal qilishini aytgandi. 

“Tolibon” vakili Zabihulla Mujohidning aytishicha, Afg‘onistonning yangi hukumatida ayol vazirlar bo‘lmaydi. Bunday bayonotlar fonida faol ayollar Qobul va Hirotda o‘z huquqlarini hurmat qilishni va Afg‘oniston hukumatida ishtirok etishni talab qilib namoyish o‘tkazgandi. 

Ma’lumot uchun, joriy yilning may oyida AQSH boshliq xalqaro koalitsiya kuchlari Afg‘onistonni tark etishni boshlashi bilan "Tolibon" harakati hukumat nazoratidagi hududlarni egallab ola boshladi. Avgust oyiga kelib, toliblar yirik shaharlarga yurish boshladi.

Oradan ko‘p o‘tmay, joriy yilning 15 avgust kuni Qobulning “Tolibon” qo‘liga o‘tishi bilan Afg‘onistonda harakat hokimiyati o‘rnatildi. Prezident Ashraf G‘ani esa iste’fo berganini hamda mamlakatni tark etganini ma’lum qildi. Hokimiyatni "Tolibon"ga o‘tishini ta’minlash uchun Muvofiqlashtirish kengashi tuzilib, unga Abdulla Abdulla va Hamid Karzay kiritilgandi.

Joriy yilning 19 avgust kuni esa harakat rasmiy bayonot bilan chiqib, mamlakatda Islom Amirligi tuzilganini e’lon qildi. "Tolibon" vakili Vohidulla Hoshimiy harakat Afg‘onistonda demokratik davlat qurmasligini ma’lum qildi.

Qayd etish kerakki, hozirda faqatgina Panjsher viloyati toliblar hokimiyatini tan olmayapti. Viloyatda "Tolibon"ga qarshi kuchlar yig‘ilmoqda. Ularga esa mashhur "dala qo‘mondoni" Ahmad Shoh Mas’udning o‘g‘li Ahmad Mas’ud boshchilik qilyapti.


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston Tolibon

Baholaganlar

116

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing