Tezkor: Kiyev Moskvaning talablarini bajarishga rozi bo‘ldi

Olam

image
0:00
0:00
download

Kiyev Rossiyaning neytral bo‘lish, yadroviy mamlakatga aylanmaslik, boshqa mamlakatlarning harbiy bazalarini kiritmaslik va qo‘shilmaslik bo‘yicha talabini bajarish yuzasidan yozma hujjat taqdim etdi. Shuningdek, Moskva Rossiya Federatsiyasi va Ukraina Prezidentlari Vladimir Putin va Vladimir Zelenskiy o‘rtasida ikki davlat o‘rtasidagi shartnomani imzolash bilan bir vaqtda, Tashqi ishlar vazirlari darajasida uchrashuv o‘tkazishni taklif qilmoqda. Bu haqda bugun, 29 mart kuni jurnalistlarga Rossiya-Ukraina muzokaralarining Rossiya delegatsiyasi rahbari, Prezident yordamchisi Vladimir Medinskiy ma’lum qilgan. 

“Bugungi mazmunli suhbatdan so‘ng biz kelishuvga erishdik va shunday yechim taklif qilmoqdamizki, unga ko‘ra, tashqi ishlar vazirlari shartnomani imzolashi bilan bir vaqtda davlat rahbarlarining uchrashuvini o‘tkazish mumkin. Ayniqsa, ushbu imzolash va kelishuv tafsilotlarini ko‘rib chiqish vaqtida turli siyosiy nyuanslar va tafsilotlarni muhokama qilish mumkin”, deydi Medinskiy.

Uning alohida urg‘ulashicha, agar shartnoma tezda ishlab chiqilsa va kerakli murosa topilsa, tinchlik o‘rnatish imkoniyati ancha yaqinlashadi. 

Shuningdek, Medinskiyga ko‘ra, Istanbuldagi muzokaralar so‘ngida Rossiya Ukrainadan neytral va yadrosiz maqomga ega bo‘lish istagini tasdiqlovchi yozma javob olgan. 

"Biz Ukrainadan neytral bo‘lish, qo‘shilmaslik va yadroviy bo‘lmagan maqomda qolish istagini, shuningdek ommaviy qirg‘in qurollarining barcha turlarini, shu jumladan kimyoviy va bakteriologik qurollarni ishlab chiqarish va joylashtirishdan voz kechish hamda hududda xorijiy harbiy bazalar va xorijiy qo‘shinlarning bo‘lishini taqiqlash bilan blokdan tashqari bo‘lish haqida yozma javoblar oldik”, deydi Medinskiy.

Eslatib o‘tamiz, bugun, 29 mart kuni Turkiyaning Istanbul shahridagi Dolmabaxche saroyida Rossiya-Ukraina delegatsiyalarining navbatdagi muzokaralari bo‘lib o‘tdi. Unda Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an ham ishtirok etdi. Shunisi ahamiyatliki, ushbu uchrashuv 7 mart kuni Brestda o‘tkazilgan muzokaralardan keyingi ilk yuzma-yuz muloqotdir. 

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

430

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing