Tezkor! Xarkovdagi o‘zbekistonlik talabalar metroga evakuatsiya qilinmoqda (video)

Olam

image
0:00
0:00
download

Ukraina sharqidagi Xarkov milliy texnika universitetida tahsil oluvchi o‘zbekistonlik talabalarning bir qismi evakuatsiya qilinmoqda. Bu haqda Ukrainadagi talabalardan biri Xushnud O‘tkirov QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Xarkov milliy texnika universitetida tahsil oluvchi 20 dan ortiq o‘zbekistonlik talabalar yotoqxonasidan 300 metr uzoqlikdagi Pushkin metrosiga evakuatsiya qilinmoqda.

Aslini olganda Xushnud O‘tkirov biz bilan videokonferensaloqa orqali muloqot qilmoqchi edi. Texnik imkoniyatlarni sinovdan o‘tkazayotganimizda, 3-5 daqiqa oralig‘ida, Xushnud biz bilan muloqot qilolmasligini, zudlik bilan binoni tark etishi kerakligi va ularni evakuatsiya qilishayotganini aytdi. 

"Uzr. Bizni evakuatsiya qilishyapti. Metroga!", deb yozdi dastlabki xabarda Xushnud O‘tkirov. 

Birozdan so‘ng u Xarkovdagi Pushkin metro bekatidan aloqaga chiqdi, suratlar va videolarni yubordi. 

Xushnud O‘tkirovga ko‘ra, Xarkov milliy texnika universitetida jami 50 ga yaqin o‘zbekistonlik ta’lim olmoqda.

“Agar qaytish imkoni bo‘lsa, O‘zbekistonga qaytamiz”, deydi Xushnud O‘tkirov.

Avvalroq, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari maxsus harbiy operatsiya boshlaganini e’lon qilgandi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

O‘zbekistonning Kiyevdagi elchixonasi harbiy harakatlar boshlanishi ortidan murojaat bilan chiqdi. Unga ko‘ra, diplomatik idora tomonidan evakuatsiya rejasi va Ukraina hududini tark etishni xohlovchi fuqarolar ro‘yxati ishlab chiqilmoqda. Shuningdek, elchixona Ukrainada ta’lim olayotgan o‘zbekistonlik talabalarga o‘qishni o‘z Vatanlarida masofaviy shaklda davom ettirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishni tavsiya qildi.

“Uzbekistan Airways” AJ esa Ukraina havo hududi yo‘lovchi havo kemalari qatnovlari uchun yopilishi munosabati bilan Kiyevga parvozlarni bekor  qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

300

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing