Temu yopilmaydigan bo‘ldi
Jamiyat
−
18 mart
5445Xitoyning Temu onlayn marketpleysi O‘zbekistonda yuridik shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tdi. Bu haqda Soliq qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
“Soliq qo‘mitasi: Temu marketpleysi yuridik shaxs – O‘zbekiston Respublikasi rezidenti sifatida ro‘yxatdan o‘tdi. Biroq o‘tgan davrlar uchun marketpleys bilan muhokama qilinadigan masalalar mavjud. Hozirda muzokaralar olib borilmoqda ”, deyiladi xabarda.
Bildirilishicha, ushbu jarayon yakuniga yetkazilib, uning faoliyati yuzasidan yakuniy xulosa e’lon qilinadi.
Ma’lumot uchun, joriy yil 9 mart holatida o‘zbekistonliklar uchun Play Market’da eng ko‘p yuklab olingan ilovalar ro‘yxatida Temu 35-o‘rinda qayd etilgan bo‘lsa, 10 mart holatida TOP-50 talikdan ham chiqib ketgan. Bu kunlari mazkur ro‘yxatda Chat GPT birinchi o‘rinda qayd etilgan va shu tariqa eng ko‘p yuklab olingan ilova bo‘lgan.
Xuddi shu kabi, 9-10 mart kunlari App Store ilovalar do‘konida Temu yuqori 50 talik ro‘yxatda ko‘rinmagan.
Taqqoslash uchun, 1 oy avval – 11 fevral kuni Temu ham Play Market, ham App Store’da o‘zbekistonliklar eng ko‘p yuklab olgan ilova bo‘lgan va har ikkala ilovalar do‘konida 1-o‘rinni qayd etgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Istiqbolli loyihalar milliy agentligi elektron tijorat boshqarmasi boshlig‘i Kamronbek Muhammadiyev Temu’ning qonuniy biznes huquqlari va manfaatlarini himoya qilishni ta’minlashga, O‘zbekiston bozoriga rasman kirishda yordam ko‘rsatishga tayyor ekanini, buning uchun kompaniya murojaat qilishi kerakligini biroq shu paytgacha Temu bunday qiziqish bildirmagani aytgan edi. Shuningdek, kompaniya agar shartlar bajarilmasa, ularning faoliyati to‘xtatilishi, hatto blokirovka qilinishidan ogohlantirilganini qayd etgandi.
Keyinroq esa 20 martdan boshlab O‘zbekiston qonunchiligi talablariga muvofiq Temu platformasidan foydalanish belgilangan tartibda cheklanishi xabar qilingandi.
LiveBarchasi
Trenddagilar

