Temu 200 mln yevro jarimaga tortildi
Olam
−
29 may 2641 2 daqiqa
Yevrokomissiya Xitoyning PDD Holdings kompaniyasiga tegishli Temu marketpleysini sifatsiz va xavfli mahsulotlar sotgani uchun 200 million yevro jarimaga tortdi. Bu haqda Yevrokomissiya rasmiy bayonot berdi.
Temu’ga qarshi tergov 2024 yilning oktyabr oyida boshlangan, dastlabki xulosalar esa 2025 yil yozida e’lon qilingan. Tekshiruv davomida Yevrokomissiya topshirig‘i bilan mustaqil tashkilot “maxfiy xaridor” usuli orqali platformadagi mahsulotlarni sinovdan o‘tkazgan.
Oqibatda marketpleysda xavfsizlik talablariga javob bermaydigan quvvatlagichlar, shuningdek tarkibida me’yordan ortiq zararli kimyoviy moddalar mavjud bo‘lgan yoki bolalar yutib yuborishi mumkin bo‘lgan mayda qismlarga ega o‘yinchoqlar sotilgani aniqlangan.
Yevrokomissiya Temu kompaniyasi xavflarni yetarli darajada baholamaganini hamda iste’molchilarning xavfli mahsulotlarni xarid qilishining oldini olish uchun zarur choralarni ko‘rmaganini ma’lum qilgan.
DSA talablariga ko‘ra, kompaniya bir oy ichida qonunbuzarliklarni bartaraf etish rejasini Yevrokomissiyaga taqdim etishi kerak. Ushbu reja ikki oy davomida Yevropa Ittifoqining Raqamli xizmatlar kengashi va Yevrokomissiya tomonidan ko‘rib chiqiladi. Shundan so‘ng yakuniy qaror qabul qilinib, reja ijrosi uchun muddatlar belgilanadi.
Yevrokomissiyaning texnologik suverenitet, xavfsizlik va demokratiya bo‘yicha ijrochi vitse-prezidenti Xenna Virkkunenning aytishicha, Temu tomonidan o‘tkazilgan xavf tahlili yetarlicha aniq va ishonchli bo‘lmagan hamda platformada sotilayotgan noqonuniy va xavfli mahsulotlar ko‘lamini yashirgan.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning aprel oyida Xitoyga tegishli bo‘lgan Temu marketpleysi O‘zbekistonga taxminan 46 mlrd so‘m miqdorida soliq to‘lamagani haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi