“Ular boshladi. Biz javob beryapmiz”. Putin Ukrainaga tahdid qildi

Olam

−

image

Rossiya rasmiylari Ukrainaning Wildberries va Ozon marketpleyslari omborlariga bergan zarbalarini kutmagan edi. Bu haqda kecha, 15 oktyabr kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin “Delovaya Rossiya” s’ezdida qilgan chiqishida gapirdi.

“Siz aytgan muammolar, afsuski dushmanning platformalarimiz, Wildberries va Ozon’ga qarshi harakatlariga duch kelganimiz haqida bilaman. Buni qarangki, ular har safar biz, ochig‘ini aytganda, oldindan ko‘ra bilishimiz kerak bo‘lgan, ammo bunga aqllari yetmaydi deb o‘ylagan qadamlarni tashlashmoqda. Aqllari yetdi”, deydi Putin. 

U Wildberries asoschisi Tatyana Kimning Ukraina tomonidan kompaniya omborlariga berilgan zarbalar haqidagi chiqishiga shunday munosabat bildirgan.

Putinning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya bunday zarbalarga “javob berishni boshlaganidan” keyin, Ukraina tomoni “Rossiyani to‘xtatish uchun o‘z homiylariga iltimos bilan” murojaat qilmoqda. Putin energetika ob’ektlari bilan ham shunday bo‘lganini qo‘shimcha qilgan. Shu bilan birga, u Ukrainaning Rossiya neftni qayta ishlash zavodlariga bergan so‘nggi zarbalarini “arzimas” deb atagan.

Rossiya ushbu hujumlarga javob berishni boshlab bo‘lganini aytgan.

“Ular birinchi qadamni tashlashdi. Biz javob berishni boshladik. Hozir energetika bo‘yicha ham, boshqa ob’ektlar, jumladan, ma’lumotlarni qayta ishlash markazlari va boshqalar bo‘yicha ham xuddi shunday chinqirishmoqda. Ular boshladi. Boshlash kerak emas edi”, deydi Putin.

Shuningdek, Putin ma’lumotlarni qayta ishlash markazlariga berilgan zarbalarga ilk bor izoh bergan. Biroq kontekstdan uning Ukraina Qurolli kuchlarining “Yandeks” va “Sberbank” data-markazlariga bergan zarbalarini nazarda tutayotgani yoki Rossiyaning shunga o‘xshash hujumlari haqida gapirayotgani tushunarsiz.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning sentyabr oyida Rossiya Ukrainaning bir nechta data-markazlariga hujum qilgan edi. Rossiya Mudofaa vazirligi esa Kiyevga “raqamli detoks” bilan tahdid qilgan edi. 10 oktyabr kuni, Ukraina Qurolli kuchlarining “Yandeks”ga hujumlari boshlanganidan so‘ng, Rossiya Ukrainaning Tenet provayderining Odessadagi data-markaziga va Kiyevdagi “ATM Ukrsibbank”ga zarba berdi.

13 oktyabr kuni Rossiya Prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov Rossiya data-markazlariga qilingan hujumlar mavzusi hukumatda muhokama qilinayotganini ma’lum qildi. Ertasi kuni Putin kiberxavfsizlik masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.

Tadbirning ochiq qismida Putin yig‘ilish ishtirokchilaridan “raqamli xavfsizlik darajasini oshirishga imkon beradigan” takliflarni kutayotganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, “to‘g‘ridan to‘g‘ri va gibrid tashqi tajovuz fonida” kibertahdidlar yangi bosqichga chiqmoqda. 


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing