Tajovuzkorlik ular uchun yozilmagan vakolatmi? – “Adolat” sudyalarni haqoratlaganlarga chora ko‘rishni talab qildi

Jamiyat

image

Ma’lumki, joriy yilning 10 iyul kuni Surxondaryo viloyatining Jarqo‘rg‘on tumanida hokim, prokuror va IIB boshlig‘i blok-postda tumanning Jinoyat ishlari va Ma’muriy ishlar bo‘yicha sudi sudyalarini o‘tkazmay, ularni omma oldida obro‘sizlantirib, yetmaganiga sud xodimini kaltakladi.

Ushbu holat bo‘yicha hozirgacha Bosh prokuratura va IIV munosabat bildirdi. Birinchisi vaziyat nazoratga olinganini aytgan bo‘lsa, vazirlik sud xodimi, ya’ni haydovchining o‘zini aybdorga chiqarib qo‘ya qoldi.

Endilikda Jarqo‘rg‘onda sudyalarning omma oldida obro‘sizlantirilishiga “Adolat” Sotsial-demokratik partiyasi ham o‘z munosabatini bildirdi.

“Qonun barcha uchun barobar. Bu bahs talab etmaydigan haqiqat, albatta. Ayniqsa, hozirgi jiddiy vaziyatda karantin qoidalariga qat’iy amal qilish birinchi galdagi zaruratlar qatoriga tirkaldi. Zero, pandemik karantin taqozosidan o‘rnatilgan tartibga rioya etish bebaho salomatligimizni saqlashga katta hissadir. Buni hammadan qattiq talab qilish, temir intizom o‘rnatish shart, bunga shubha yo‘q.

Ammo karantin qoidalari o‘z mustasnolariga egaligi ham sir emas. Masalan, faol harakatlanishga cheklov o‘rnatilgan ayni pallada xizmat zaruriyatiga qarab ayrim toifdagi avtotransport vositalariga yurish uchun ruxsat berilgan. Sud idoralariga tegishli avtomashinalar ham shular sirasiga kiradi. Taassufki, bundan ayrim hokimlar, IIB xodimlari, bexabar ko‘rinadi. Surxondaryo viloyatining Jarqo‘rg‘on tumanida sodir bo‘lgan voqea shunday xulosa chiqarishga majbur etdi, deya boshlangan partiya bayonoti.

Adolatchilar sud hokimiyati vakillarining mansabdorlar tomonidan bu tarzda obro‘sizlantirilishiga hech qanday vaj-karson keltirib bo‘lmasligini ta’kidlagan.

“Jarqo‘rg‘on tumani jinoyat va ma’muriy sudlari raislari haydovchilari bilan xizmat avtomashinalarida ish joyiga ketayotganida blok postda ular to‘xtatilgan va postdan o‘tkazilmagani taajjubga solsa, bundan keyingi kuch ishlatishlar, xalq orasida sud xodimlarini haqoratlab, tahdid o‘tkazishlar, tan jarohati yetkazish va asossiz hibsga olish kabi noqonuniy hatti-harakatlar omma oldida bamaylixotir sodir etilayotganini izohlash qiyin. Yana bularning boshida tuman hokimi rahbarligidagi ishchi guruh turganiga nima deysiz? Nega mansabdor shaxslar tomonidan sayr qilib yurgan avtoulovga nisbatan emas, adolat o‘rnatishdek muhim vazifa tomon oshiqayotgan sudyaga qarata asossiz qoidalar pesh qilindi? Ustiga ustak, bu oddiy eslatma yoki ogohlantirish emas, bir yo‘la kuch ishlatish va tahdidga aylanmoqda. Yoki tajovuzkorlik ular uchun yozilmagan vakolatmi?

Nahot, tuman hokimi va IIB mutasaddilari sudyalar mustaqilligi va dahlsizligiga oid konstitutsiyaviy normadan bexabar bo‘lsa? Axir, bu Bosh qomusimizga hurmatsizlik, qonunlarga bepisandlikdan boshqa narsa emas. Ko‘p vakolatlar berilgani xohlagan ishini bajarish yoki istagan qonunni osti qilish mumkin degani emas. Afsuski, joylarda o‘z mustaqil fikriga ega bo‘lmagan, eng asosiy faoliyati kimlarningdir buyrug‘ini bajarishdangina iborat bo‘lgan mutasaddilarning bu kabi qonunsiz harakatlari mamlakatimizda qilinayotgan islohotlarga soya solmoqda. E’tibor bering xalq farovonligini, tinchligini ta’minlashga xizmat qiluvchilar tomonidan uning aksi bajarilmoqda. Ya’ni karvonni belgilangan manzilga yetaklovchilarning o‘zi, uning ortga qadam tashlashiga tashabbuskor bo‘lmoqda. Tabiiyki, bu kabi rahbarlar bilan biz belgilangan maqsadlarga yeta olmaymiz”, deyiladi “Adolat” SDP munosabatida.

Partiya sud tizimini kompleks rivojlantirish, sudlarning mavqeini oshirish, sudyalarning daxlsizligini ta’minlash adolatli jamiyat qurishning muhim sharti ekanini ta’kidlagan.  

“Mazkur maqsadimiz saylovoldi dasturimizda ustuvor vazifa sifatida mustahkamlab qo‘yilgan. Shunday ekan, Jarqo‘rg‘ondagi ushbu voqeani qoralaymiz va noqonuniy harakatlar sodir etganlarga nisbatan belgilangan tartibda chora ko‘rilishi tarafdorimiz”, deya yakunlanadi bayonot.

Shuni alohida qayd etish kerakki, sud tizimining mustaqilligi va daxlsizligi muqaddas ekanini O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham bot-bot takrorlab kelyapti. Xususan, 30 iyun kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda odil sudlovni ta’minlash va korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi vazifalar muhokama qilingandi. Yig‘ilishda davlat rahbari shunday degandi:

“Bir narsani bilinglar – sarmoya kiritayotgan investor birinchi navbatda o‘z huquqlari sud orqali kafolatli himoya qilinishiga e’tibor beradi. Hamma rahbarlar qulog‘iga quyib olsin: sud faoliyatiga aralashishga hech kimning haqqi yo‘q”.

Ammo O‘zbekistonda hozircha investor yoki tadbirkor uyoqda tursin, sudlarning o‘zini hududiy rahbarlardan himoya qilishga zarurat bordek.


Maqola muallifi

Teglar

Jarqo'rg'on

Baholaganlar

164

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing