Surxondaryoda direktorlar molxona ta’mirlashga majburlandimi? (video)
Jamiyat
−
10:23 2256 2 daqiqa
Ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyatining Jarqo‘rg‘on tumanida maktab direktorlari hokim topshirig‘i asosida aholi uylarini, xususan molxonalarni ta’mirlashga majburlanayotgani aytilgan video tarqaldi. Videoda maktab direktorlari aholi uylariga yaqin temir yo‘l bo‘yida turganini ko‘rish mumkin. Holat yuzasidan viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi munosabat bildirdi.
Boshqarmaga ko‘ra, Jarqo‘rg‘on tumani Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi boshlig‘i tomonidan tumandagi umumiy o‘rta ta’lim maktablari direktorlari 42-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabiga chaqirtirilgan.
Videoda aks etgan hududda, xususan, temir yo‘l bo‘yida joylashgan fuqarolar xonadonlari atrofida obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmagan. O‘qituvchi va direktorlarni ish vaqtida sababsiz yig‘ilishga jalb qilgani uchun Jarqo‘rg‘on tumani Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi mas’ullariga nisbatan belgilangan tartibda intizomiy chora ko‘rish bo‘yicha taklif kiritilgan.
Ayni paytda Jarqo‘rg‘on tumanida mas’ullar tomonidan berilgan topshiriqlarning mazmun-mohiyati, shuningdek, ularni bajarish jarayonida xodimlarga nisbatan majburlash yoki bosim o‘tkazilgani bo‘yicha viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tomonidan o‘rganish ishlari olib borilmoqda.
“Shu bilan birga, viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tomonidan o‘qituvchilarni mazkur ishlarga majburiy jalb qilish bo‘yicha topshiriq berilmaganini ma’lum qilamiz”, deyiladi xabarda.
Boshqarma direktorlar nima uchun temir yo‘l bo‘yiga olib borilganiga izoh bermagan.
Shuningdek, holat bo‘yicha Davlat mehnat inspeksiyasi ham munosabat bildirib, vaziyat nazoratga olinganini ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, hozirda tarqalgan videodagi holatning haqqoniyligini aniqlash, pedagog xodimlarning mehnat huquqlariga rioya etilganligini o‘rganish maqsadida belgilangan tartibda tegishli choralar ko‘rilmoqda. O‘rganish yakunlari bo‘yicha holatga huquqiy baho berilib, qonunbuzilish holatlari aniqlangan taqdirda aybdor shaxslarga nisbatan qonunchilikda belgilangan ta’sir choralari qo‘llaniladi. O‘rganish natijalari yuzasidan qo‘shimcha axborot beriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanidagi jamoat salomatligi texnikumi pedagoglarini xizmat vazifasiga kirmaydigan ishlarga jalb qilgan mansabdor shaxs ma’muriy javobgarlikka tortilgandi.
Live
Barchasi