Surxondaryo va Buxoroda 51 ming daraxtni nobud qiladigan yo‘l loyihasi o‘zgartiriladigan bo‘ldi
Jamiyat
−
30 iyul 2023
7038Ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo va Buxoro viloyatlari hududida qurilishi rejalashtirilgan xalqaro avtomobil yo‘li loyihasi uchun 70 mingga yaqin daraxt kesilishi haqida xabar tarqalgan edi. Jumladan, Surxondaryo viloyati hududida 21,8 ming, Buxoroda esa 28,9 ming daraxtning kesilishi rejalashtirilgani aytilayotgandi. Ushbu e’tirozlarga sabab bo‘lgan yo‘l loyihasi o‘zgartiriladigan bo‘ldi. Bu haqda O‘zbekiston Ekologik partiyasi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston Ekologik partiya Markaziy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi Abdushukur Hamzayev boshchiligidagi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda mahalliy Kengash deputatlari, olim va mutaxassilardan iborat ishchi guruh Surxondaryo va Buxoro viloyatlarida daraxt kesilishi bilan bog‘liq holatni o‘rganish bo‘yicha hududlarga borgan.
Ishchi guruh tomonidan mamlakatdagi bugungi ekologik holat inobatga olinib hamda jamoatchilikning haqli e’tirozlariga sabab bo‘lgan ushbu loyihani soha mutaxassislari ishtirokida o‘zgartirish va daraxtlarga zarar yetkazmaslik bo‘yicha mazkur avtomobil yo‘lini rekonstruksiya qilayotgan pudratchi tashkilot mutasaddilariga takliflar berilgan.
“O‘zbekiston ekologik partiyasi har qanday qurilish loyihalarini amalga oshirishda o‘simlik dunyosiga zarar yetkazishni keskin qoralagan holda jamoatchilik vakillariga o‘z minnatdorchiligini bildirib, barcha fuqarolarimizni ona tabiatni asrab-avaylashdek ezgu ishlarda hamkorlikka chaqirib qoladi”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘ona viloyatidagi Katta Andijon kanali qirg‘og‘ida o‘sib turgan 1213 tup daraxt yanvar-fevral oylarida kesib tashlangani, buning oqibatida tabiatga 4,6 mlrd so‘m zarar yetkazilgani aniqlangandi. Holat yuzasidan Farg‘ona viloyati prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 198-moddasi (Ekinzorlarni, o‘rmonlarni, daraxtlarni yoki boshqa o‘simliklarni shikastlantirish yoxud nobud qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
LiveBarchasi