Suiqasd yo qotillik. Nodira Qodirovaning tanasida ikkita o‘q izi bo‘lgan
Olam
−
07 Oktabr 2019
14219Joriy yilning 23 sentyabr kuni Turkiya parlamenti deputati, nafaqadagi general Shirin Unalning uyida o‘zini otib o‘ldirgani aytilgan Nodira Qodirova ishi bo‘yicha surishtiruvda qator shubhali vaziyatlar borligi jamoatchilik orasida e’tirozlarga sabab bo‘lib kelayotgandi. Qodirovaning jasadi O‘zbekistonga keltirilgach, uning jasadini yuvgan g‘assol tanada ikkita o‘q izi borligini ko‘rgan. Bu esa shubhalar bejiz emasligiga ishora qilyapti.
Nodira Qodirovaning akasi Muhammad Ali Qodirov ham singlisining tanasida urgandan kein qoladigan izlar bo‘lgani va unga masofadan o‘q uzilganini aytyapti.
Uning ta’kidlashicha, hodisa kuni singlisining yuzida qon izlari bo‘lgan. Ammo morgga olib borilganda, tanadagi qonlar tozalab tashlangan.
“Agar inson o‘z ko‘kragiga o‘q uzgan bo‘lsa, unda qanday qilib kuyuk izlari bo‘lmasligi mumkin? O‘q kirgan joylarda kuyuk izlari yo‘q edi. Bundan tashqari singlim avval kaltaklangan va unga masofadan o‘q uzilgan”, degan Muhammad Ali.
Nodira Qodirovaning akasi singlisiga qo‘yilayotgan “fohisha”lik ayblovi ham tuhmatdan boshqa narsa emasligini aytyapti.
Bundan tashqari, ular jasad O‘zbekistonga olib kelinganidan so‘ng qayta ekspertiza qilishni istashgan. Biroq O‘zbekiston tomoni bunga ehtiyoj yo‘qligini bildirgan.
Ushbu iddaolarga javoban, turk sud-ekspertiza xizmati vakili Shebnem Korur Financhining aytishicha, jasadni tekshirish jarayoni foto va video suratlarga qayd etilgan. Agar advokatlar talab qilsa, ushbu yozuvlarni ular taqdim etishga tayyor.
Qayd etilishicha, O‘zbekistonning Turkiyadagi elchixonasi xodimlari mazkur hodisa yuzasidan Anqara bosh prokuraturasiga murojaat bilan chiqishgan. Ular shuningdek, yaqin orada mazkur masala yuzasidan bayonot bilan chiqishlari mumkinligini ham ta’kidlashgan.
Eslatib o‘tamiz, Turkiyaning “Adolat va taraqqiyot” partiyasi deputati, nafaqadagi general Shirin Unalning uyida oqsoch bo‘lib ishlayotgan 23 yashar o‘zbekistonlik Nodira Qodirova generalning to‘pponchasi bilan o‘zini otib qo‘ygandi.
Shirin Unalning uyida ikki o‘zbek ayoli oqsoch bo‘lib ishlagan. Nodira asosan genaralning doimiy e’tiborga muhtoj rafiqasiga yordamchi bo‘lgan. Marhumaning jasadi joriy yilning 25 sentyabr kuni O‘zbekistonga olib kelindi.
LiveBarchasi