Sudandagi havo hujumi oqibatida 17 nafar tinch aholi halok bo‘ldi

Olam

image

Sudanda mamlakat armiyasi hamda harbiylashtirilgan Tezkor qo‘llab-quvvatlov kuchlari o‘rtasida hokimiyat uchun kurash davom etayotgani haqida xabar bergan edik. Uch oydan beri to‘xtamayotgan to‘qnashuvlar doirasida bugun, 17 iyun kuni poytaxt Xartumda qilingan havo hujumi oqibatida 17 kishi, jumladan, besh nafar bola halok bo‘ldi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi

Qayd etilishicha, hujum oqibatida tinch aholi vakillari qurbon bo‘lgan hamda shaharning katta qismi vayron qilingan. 

Hozirgi paytda mamlakat armiyasi poytaxt Xartum hamda qo‘shni viloyatlar Omdurman va Bahrida havo hujumi ustunligiga ega. Tezkor qo‘llab-quvvatlov guruhi esa asosan aholi turar joylarida o‘rnashib olgan. Kecha va bugun armiya tomonidan havo hujumlari kuchaytirilib, bir nechta aholi punktlariga zarba berildi. Bugun Sudan armiyasi oliy generali Yassir Al-Atta aholiga murojaat qilib, odamlarni Tezkor qo‘llab-quvvatlov kuchlari egallab olgan uylardan uzoqroq turishga chaqirgandi. 

“Chunki biz ularga istagan tomondan hujum qilishimiz mumkin. Ular bilan bizning o‘rtamizda o‘q bor”, deydi u. 

Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi hujum oqibatida 17 kishi halok bo‘lgan, 25 ta uy vayronaga aylangan. Zarba shaharning asosan kambag‘al aholi zich bo‘lib yashaydigan qismiga berilgan. Bu hududdagi odamlarning aksariyati uylaridan chiqib ketish uchun moddiy imkoniyatga ega bo‘lmagan. 

Birlashgan Millatlar Tashkiloti hisob-kitoblariga ko‘ra, mamlakatda urush oqibatida 2,2 million aholi yashash joyini tark etishga majbur bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, Sudanda aprel oyining oxiriga borib to‘qnashuvlarda halok bo‘lgan tinch aholi soni 420 nafarga yetgandi. Bundan 190 nafarini bolalar tashkil etib, yana 1700 nafari yaralangan edi. Ko‘plab davlatlar, jumladan, O‘zbekiston ham o‘z fuqarolarini ushbu mamlakatdan evakuatsiya qilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Sudan havo hujumi tinch aholi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made