Sudandagi bozor bombalandi: 153 kishi halok bo‘ldi
Olam
−
12:00 1208 2 daqiqa
Sudan va Janubiy Sudan chegarasidagi bahsli Ab’ey hududida joylashgan bozorga dronlar bilan hujum qilinishi oqibatida kamida 153 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Qayd etilishicha, hujum joriy yilning 19 oktyabr kuni sodir bo‘lgan. Ab’ey hududi axborot vaziri vazifasini bajaruvchi Yoxana Akol Ngorning ma’lum qilishicha, dastlab 73 kishi halok bo‘lgani aytilgan, biroq qidiruv-qutqaruv ishlari davomida qurbonlar soni 153 nafarga yetgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, yong‘in hali ham davom etayotgani sababli halok bo‘lganlar soni ortishi mumkin. Ayrim jasadlar butunlay yonib ketgan.
“Reuters” bilan suhbatlashgan uch nafar diplomat, bir yordam tashkiloti xodimi va mojaro bo‘yicha ekspert hujum bozor hududidagi yoqilg‘i omboriga tekkanini bildirgan. Ularning aytishicha, ushbu ombordan avvalroq “Tezkor qo‘llab-quvvatlash kuchlari” (RSF) o‘z qo‘shinlarini ta’minlash uchun foydalangan. Biroq bu ma’lumotlarni mustaqil tasdiqlashning imkoni bo‘lmagan.
Ab’ey hududining mas’ul rasmiysi hujumni Sudan armiyasi amalga oshirganini aytgan, ammo bunga dalil keltirmagan. Sudan qurolli kuchlari vakili Reuters’ning izoh so‘roviga hozircha javob bermagan. Sudan harbiy hukumati vakillari esa RSF jangarilari hududning ayrim qismlarida faoliyat yuritayotganini bildirgan. Ab’ey rasmiysi bu da’voni rad etgan.

Hujum oqibatida 8 mingga yaqin odam o‘z yashash joylarini tark etgan. “Chegara bilmas shifokorlar” xalqaro tashkiloti yaqin atrofdagi Ameth Bek shifoxonasida 20 nafardan ortiq yaradorni davolayotganini ma’lum qilgan. Ularning ayrimlari kuyish jarohatlarini olgan.
Janubiy Sudan Tashqi ishlar vazirligi hujum ortidan Sudan elchisini chaqirib, norozilik bildirgan. Birlashgan Millatlar Tashkiloti esa Ab’ey va Sudanning boshqa hududlaridagi dron hujumlarini qoralab, ular tinch aholi va muhim infratuzilmaga jiddiy zarar yetkazayotganini ta’kidlagan.
Ma’lumot uchun, Sudanda 2023 yilning aprelidan beri mamlakat armiyasi va RSF o‘rtasida qurolli mojaro davom etmoqda. To‘qnashuvlar katta gumanitar inqirozga sabab bo‘lgan va mamlakat chegaralaridan tashqariga ham tarqalgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hujumdan avvalgi kunlarda ham Sudanning turli hududlarida dron zarbalari oqibatida ko‘plab odamlar halok bo‘lgan. Jumladan, G‘arbiy Kordofan shtatidagi hujumlarda 84 kishi halok bo‘lib, 65 kishi yaralangan, Niala shahridagi bozorga qilingan hujumda esa 23 kishi hayotdan ko‘z yumgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sudanning Misr bilan bahsli chegara hududidagi oltin koniga berilgan aviazarba oqibatida kamida 72 nafar konchi halok bo‘lgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi20 Oktyabr