Sudan poytaxtida ikki yillik komendantlik soati tugatildi
Olam
−
15:27 635 1 daqiqa
Sudan poytaxti Xartumda ikki yildan beri amalda bo‘lgan komendantlik soati va favqulodda holat bekor qilindi. Bu haqda mamlakat Xavfsizlik masalalarini muvofiqlashtirish qo‘mitasi xabar qildi.
Qayd etilishicha, Xartum aholisi endi shaharda kechayu kunduz erkin harakatlanishi va ishlashi mumkin. Biroq xavfsizlik nazorat punktlari va armiya patrullari o‘z faoliyatini davom ettiradi.
Shuningdek, qo‘mita tungi vaqtda harakatlanuvchi aholiga shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni o‘zi bilan olib yurishni tavsiya qilgan.
Ayni vaqtda xorij fuqarolarining Xartum shtatiga kirishiga cheklov saqlanib qoladi. Unga ko‘ra, amaldagi kirish vizasi yoki ruxsatnomasi bo‘lmagan xorijliklar jamoat yoki xususiy transport, jumladan, poyezd va avtobuslarda shtat hududiga kira olmaydi. Qoidani buzgan haydovchilar va transport kompaniyalariga nisbatan chora ko‘rilishi ogohlantirildi.
Komendantlik soati 2024 yil may oyida Sudan armiyasi va paraharbiy Tezkor qo‘llab-quvvatlash kuchlari (RSF) o‘rtasidagi mojaro fonida xavfsizlik vaziyati yomonlashgani sababli joriy etilgan edi.
Amaldagi tartibga ko‘ra, aholi va transport vositalarining harakati soat 23:00 dan 05:00 gacha cheklangan, tijorat transporti hamda piyodalar harakati esa soat 22:00 dan 05:00 gacha taqiqlangandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sudanning janubi-g‘arbidagi shifoxonaga uyushtirilgan hujum oqibatida 60 dan ortiq kishi qurbon bo‘lgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi